Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ijro intizomi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-10-28 13:55:00 / Yangiliklar
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ijro intizomi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Ijro nazorati bo‘limi tomonidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qonunchilik hujjatlari, topshiriqlar hamda Hukumat qarorlari ijrosi holati keng muhokama qilindi.
Tadbirda, avvalo, yakunlangan oy davomida Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmonlari, farmoyishlari hamda topshiriqlaridan kelib tushgan 63 ta topshiriq yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Ushbu topshiriqlar ijrosi belgilangan muddatlarda ta’minlangani qayd etilib, 2026-yil noyabr oyida bajarilishi lozim bo‘lgan 36 ta topshiriq ijrosini ta’minlash uchun mas’ul xodimlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yuqori tashkilotlardan kelib tushgan topshiriqlar hamda ijro intizomi bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilish holati atroflicha muhokama qilindi. Har bir boshqarma, bo‘lim va hududiy inspeksiyalar faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda ijro intizomi darajasini yanada oshirish, topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli va samarali bajarilishini ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, kelgusi oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, mas’ullar oldiga aniq maqsad va rejalar qo‘yildi.
Muhokamalar davomida ijro intizomini mustahkamlash, ish samaradorligini oshirish, mas’ul xodimlar faoliyatida tizimlilik va javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ham ilgari surildi.
Yig‘ilishda hududiy inspeksiyalar vakillari ham faol ishtirok etdilar. Ularning tadbirda to‘liq qatnashishlari uchun Zoom onlayn platformasi orqali masofadan ulanish imkoniyati yaratildi.







