KAMCHILIKLAR KESKIN TANQID QILINDI, MASʼULIYATSIZ RAHBAR VA XODIMLARGA NISBATAN QATʼIY CHORALAR KO‘RILDI
2026-10-26 14:05:00 / Yangiliklar
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida Inspeksiya rahbari raisligida 2026 yilning 9 oylik faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ichimlik suvi taʼminoti hamda oqova suv xizmatlari sohalarida amalga oshirilgan davlat nazorati natijalari tahlil qilinib, tizimdagi muammo va kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi. Nazorat samaradorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash va hududiy inspeksiyalar masʼuliyatini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
2026 yilning 9 oyi davomida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan 28 ming 708 ta qurilish obyekti davlat nazoratiga olinib, ularda 301 ming 272 marotaba nazorat-monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida 215 mingdan ortiq majburiy yozma ko‘rsatma berildi. Ko‘rsatmalar ijrosi belgilangan muddatlarda taʼminlanmagan holatlar bo‘yicha 2 mingdan ortiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qurilish normalari buzilishi bilan bog‘liq 3 ming 166 ta qoidabuzarlik buzdirish ishlari orqali bartaraf etildi.
Shuningdek, mualliflik va texnik nazorat talablarini buzganlik uchun tegishli choralar ko‘rish yuzasidan 348 ta, sifatsiz qurilish materiallari va buyumlaridan foydalanish holatlari bo‘yicha esa 1 ming 650 ta taqdimnoma kiritildi.
Ko‘p kvartirali uy-joy fondining texnik holatini o‘rganish doirasida 23 ming 121 ta uy ko‘zdan kechirilib, qariyb 6 mingta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlaridan qonuniy foydalanish ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 5 mingga yaqin qoidabuzarlik holati aniqlandi. Jumladan, 4 ming 53 ta ichimlik suvi, 542 ta oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda 545 ta holatda suv hisoblagichlari tamg‘alarining buzilganligi qayd etildi. Natijada suv taʼminoti tashkilotlari foydasiga 27,4 milliard so‘m qo‘shimcha to‘lov hisoblandi.
Hayʼat yig‘ilishida ayrim hududiy inspeksiyalarda davlat nazoratini tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash, qurilish ishtirokchilari faoliyatini nazorat qilish hamda kommunal xizmatlar sohasida qonunchilik talablari ijrosini taʼminlash borasidagi jiddiy kamchiliklar keskin tanqid qilindi.
Xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani va nazorat ishlarini talab darajasida tashkil etmagani uchun ayrim hududiy inspeksiya xodimlari o‘z vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator hududiy inspeksiyalar boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.
Yig‘ilish yakunida davlat nazorati samaradorligini oshirish, qurilish obyektlarida qonunbuzilishlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, ko‘p kvartirali uylarning texnik holatini nazorat qilish, kommunal tarmoqlardan qonuniy foydalanishni taʼminlash, raqamli nazorat mexanizmlarini keng joriy etish hamda masʼul tashkilotlar hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha Hayʼat qarori qabul qilindi.
Hududiy inspeksiyalar rahbarlariga topshiriqlar ijrosini so‘zsiz taʼminlash, nazorat tadbirlari natijadorligini oshirish va shaxsiy masʼuliyatni kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi. Davlat nazoratida sustkashlik va masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yganlikka nisbatan murosasiz yondashuv davom ettiriladi.










