Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ijro intizomi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-08-28 10:05:00 / Yangiliklar
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Ijro nazorati bo‘limi tomonidan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar hamda Hukumat qarorlari ijrosi holati bo‘yicha keng muhokama qilindi. Tadbirda, avvalo, yakunlangan oy davomida Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror, farmon va farmoyishlari hamda topshiriqlaridan 32 ta kelib tushgan topshiriqlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi belgilangan muddatlarda ta’minlanganligi qayd etilib, 2026-yil sentyabr oyida bajarilishi lozim bo‘lgan 41 ta topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash uchun mas’ul xodimlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yuqori tashkilotlardan kelib tushgan topshiriqlar, ijro intizomi bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilish holati atroflicha muhokama qilindi. Har bir boshqarma va bo‘lim, shuningdek, hududiy inspeksiyalarning faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, ijro intizomi darajasini yanada oshirish, topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli va samarali ijrosini ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida kelgusi oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi, mas’ullar oldiga aniq maqsad va rejalar qo‘yildi.
Yig‘ilishning yana bir muhim jihati shundan iborat bo‘ldiki, unda nafaqat bajarilgan ishlar muhokama qilindi, balki kelgusida ijro intizomini mustahkamlash, samaradorlikni oshirish, mas’ul xodimlar faoliyatida tizimlilik va mas’uliyatni kuchaytirish yo‘nalishida taklif va tavsiyalar ham ilgari surildi.
Yig‘ilishda hududiy inspeksiyalar xodimlari ham faol ishtirok etdilar. Ularning jarayonga to‘liq qo‘shilishlari uchun Zoom onlayn platformasi orqali masofadan ulanish imkoniyati yaratildi.






