Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ijro intizomi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-07-31 16:15:00 / Yangiliklar
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Ijro nazorati bo‘limi tomonidan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qonunchilik hujjatlari, Hukumat qarorlari hamda berilgan topshiriqlar ijrosining holati keng muhokama qilindi. Unda, avvalo, yakunlangan oy davomida Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari, farmonlari, farmoyishlari va topshiriqlari asosida kelib tushgan 37 ta topshiriq yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur topshiriqlarning ijrosi belgilangan muddatlarda ta’minlangani qayd etilib, 2026-yil avgust oyida bajarilishi lozim bo‘lgan 31 ta topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida mas’ul xodimlarning mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yuqori tashkilotlardan kelib tushgan topshiriqlar hamda ijro intizomi bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilish holati tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi. Har bir boshqarma, bo‘lim va hududiy inspeksiyalarning faoliyati tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda ijro intizomi darajasini yanada oshirish, topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli va samarali bajarilishini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, kelgusi oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, mas’ullar oldiga aniq maqsad va rejalar qo‘yildi.
Tadbir davomida nafaqat amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, balki kelgusida ijro intizomini mustahkamlash, faoliyat samaradorligini oshirish, mas’ul xodimlar faoliyatida tizimlilik va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ham ilgari surildi.
Yig‘ilishda hududiy inspeksiyalar vakillari ham faol ishtirok etdi. Ularning jarayonga to‘liq jalb etilishini ta’minlash maqsadida Zoom onlayn platformasi orqali masofadan turib ulanish imkoniyati yaratildi.










