Qurilish maydonlarida monitoring tadbirlari izchil davom ettirilmoqda
2026-07-16 09:55:00 / Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan hududlarda barpo etilayotgan qurilish obyektlarida amaldagi qurilish meʼyorlari, shaharsozlik normalari va loyiha talablariga rioya etilishi yuzasidan rejali monitoring tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Nukus shahrining "Shimbay shayxana" mahallasida qurilayotgan 12-sonli umumtaʼlim maktabi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari atroflicha o‘rganildi.
Monitoring jarayonida obyektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligi, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilayotgani, qo‘llanilayotgan qurilish materiallarining sifati hamda bajarilayotgan ishlar belgilangan texnik talablar asosida amalga oshirilayotgani tekshirildi.
Shuningdek, monitoring davomida aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qurilish jarayoni uchun masʼul shaxslarga belgilangan tartibda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda yozma ko‘rsatmalar ijrosini taʼminlash Inspeksiya tomonidan nazoratga olindi.









