Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining yangi maʼmuriy binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2026-06-17 14:30:00 / Yangiliklar
Marosimda dastlab Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari so‘zga chiqib, yangi bino inspeksiya xodimlari uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish, faoliyat samaradorligini oshirish hamda qurilish va kommunal sohasida davlat nazoratini sifatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, viloyat prokuraturasi, Ichki ishlar boshqarmasi vakillari, shahar va tuman hokimliklari masʼul xodimlari hamda nuroniylar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur yangi maʼmuriy binoning foydalanishga topshirilishi hududda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat ishlarini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Shuningdek, inspeksiya oldida turgan asosiy vazifalar, qurilish va kommunal sohasida qonuniylikni taʼminlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda ish jarayonlari samaradorligini oshirish, shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan tizimli va shaffof tarzda ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, yangi maʼmuriy bino zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan bo‘lib, barcha zarur standart va talablarga to‘liq muvofiq holda jihozlangan. Binoda xodimlar uchun qulay va samarali mehnat muhiti yaratilgan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan xizmat xonalari, fuqarolarni qabul qilish uchun alohida qabul zallari hamda ish jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish imkoniyatlari mavjud.
Marosim doirasida binoga ramziy tarzda bag‘ishlangan maxsus tasmani kesish marosimi o‘tkazilib, yangi binoning faoliyatga rasman topshirilgani tantanali tarzda qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida mazkur obyektni barpo etgan quruvchi tashkilot rahbariga hamda hududiy inspeksiya faoliyati va rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh xodimlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.










