YANGI BINO — YANGI IMKONIYATLAR
2026-04-30 14:25:00 / Yangiliklar
Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining yangi maʼmuriy binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda dastlab Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari so‘zga chiqib, yangi bino inspeksiya xodimlari uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishi, faoliyat samaradorligini oshirishi hamda qurilish va kommunal sohasida davlat nazoratini sifatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shundan so‘ng Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari so‘zga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar va yangi binoning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, inspeksiya oldida turgan asosiy vazifalar, qurilish va kommunal sohasida qonuniylikni taʼminlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda ish jarayonlari samaradorligini oshirish, shuningdek fuqarolar murojaatlari bilan tizimli va shaffof tarzda ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, yangi maʼmuriy bino zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan bo‘lib, barcha zarur standart va talablarga to‘liq muvofiq holda jihozlangan. Binoda xodimlar uchun qulay va samarali ish muhiti yaratilgan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan xizmat xonalari, fuqarolarni qabul qilish uchun alohida qabul zallari hamda ish jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish imkoniyatlari mavjud.
Marosim doirasida binoga ramziy tarzda bag‘ishlangan maxsus tasma (lentani) kesish marosimi o‘tkazilib, yangi binoning faoliyatga rasman topshirilgani tantanali tarzda qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida mazkur obyektni barpo etgan quruvchi tashkilot rahbari hamda faol inspeksiya xodimlari soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.








