Jizzaxda qurilayotgan 5 qavatli uyda qoidabuzarliklar aniqlandi
2026-05-04 13:25:00 / Yangiliklar
Jizzax viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan Do‘stlik tumani “Chinobod” mahallasida barpo etilayotgan 5 qavatli turar joy obyektida navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Monitoring jarayonida bir qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Jumladan, binoning 5-qavatida (4–5 o‘qlar oralig‘ida) temir-beton o‘zak ustunlarga beton quyish ishlari sifatsiz bajarilgani, ish jarayonida vibrator uskunasidan foydalanilmagani maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, 4-qavatda (8-o‘qning V va G oralig‘ida) sifatsiz g‘ishtlardan foydalanilganligi aniqlandi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qisqa muddatda ularni bartaraf etish bo‘yicha masʼullarga majburiy ko‘rsatmalar berildi hamda uning ijrosi nazoratga olindi.







