QURILISH VA KOMMUNAL SOHADA RAQAMLASHTIRISH VA ILG‘OR TAJRIBA ALMASHINUVI
2026-04-16 14:10:00 / Yangiliklar
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbariyati hamda Qirg‘iziston Respublikasi Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Davlat arxitektura-qurilish nazorati departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida qurilish jarayonlarini nazorat qilish tizimini takomillashtirish, sohada ilg‘or tajribalar almashish, nazorat tadbirlarini samarali tashkil etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Shu bilan birga, delegatsiya vakillariga sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari, jumladan, onlayn kuzatish markazlari faoliyati, ularning ishlash tizimi, qurilish obyektlarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyatlari hamda nazorat jarayonlarini tezkor va shaffof amalga oshirishdagi ahamiyati batafsil tanishtirildi.
Shuningdek, inspektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlarining bosqichma-bosqich raqamlashtirilayotgani, shu bilan birga inspeksiya xodimlarining barchasi body kameralar bilan taʼminlangani qayd etildi.
Mazkur tizim orqali qurilish jarayonlari ustidan doimiy monitoring yuritilishi, shaffoflik va tezkorlik taʼminlanayotgani alohida taʼkidlandi.
Tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash, ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, qurilish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda sifat va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.










