Qurilishda sifat va xavfsizlik — doimiy nazoratda
2026-03-17 14:25:00 / Yangiliklar
Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan qurilish obyektlarida doimiy ravishda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Navoiy shahri “Farovon” mahallasi hududida qurilayotgan 200 o‘rinli xususiy maktab qurilishi obyektida amalga oshirildi.
Monitoring davomida obyektda bir nechta qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, qurilish maydonida texnika xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etilmagani, shuningdek, temir-beton plitalarni montaj qilish ishlari davomida ularning choklari qorishmalar bilan to‘ldirilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qurilish masʼullariga ularni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, belgilangan talablarning ijrosi inspeksiya xodimlari tomonidan qatʼiy nazoratga olindi.
Qurilish obyektlarida sifat, xavfsizlik va meʼyoriy talablarga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.








