Shaxmat musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
2026-03-14 14:10:00 / Yangiliklar
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 10–14 mart kunlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Musobaqa ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab hududiy inspeksiyalar hamda markaziy apparat xodimlari o‘rtasida saralash o‘yinlari o‘tkazilib, ularda eng kuchli ishtirokchilar aniqlandi. Saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar final bosqichiga yo‘llanma oldilar.
Bugun mazkur musobaqaning final bahslari bo‘lib o‘tdi.
Final o‘yinlari keskin va murosasiz bahslarga boy tarzda kechdi. Intellektual kurashlarga boy o‘tgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:
🥇1-o‘rin — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Qurilish-montaj ishlari nazoratini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh. O‘ktamov
🥈2-o‘rin — Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassisi S. Isroilov
🥉3-o‘rin — Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Chorshanboyev
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar inspeksiya rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
✅Mazkur musobaqa tizim xodimlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, intellektual salohiyatni oshirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.







