Zamonaviy taʼlim makoni sari: yangi o‘quv binosida nazorat ishlari
2025-12-22 10:05:00 / Yangiliklar
Bugun barpo etilayotgan yangi o‘quv binosining har bir jihati sifat va xavfsizlik talablari asosida amalga oshirilishi zamonaviy taʼlim makonini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan hududlardagi qurilish obyektlari ustidan izchil va tizimli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Navoiy shahrida bunyod etilayotgan Navoiy davlat universitetining yangi o‘quv binosida o‘tkazildi. Nazorat jarayonida qurilish ishlarining amaldagi holati, foydalanilayotgan qurilish materiallarining sifati, shuningdek, bajarilayotgan ishlar loyiha hujjatlari hamda belgilangan meʼyoriy talablarga muvofiqligi atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, pudrat tashkilotiga qurilish ishlarini tasdiqlangan loyiha asosida, sifat va xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etgan holda olib borish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etish joizki, shaharsozlik meʼyorlariga to‘liq amal qilingan holda bajarilgan qurilish ishlari talaba-yoshlar uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy taʼlim muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Hududlarda qurilish obyektlari ustidan nazorat tadbirlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.







