Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xalqaro hamkorlik doirasida qator xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlamoqda
2025-11-24 17:30:00 / Yangiliklar
Xabar berib kelayotganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida qator xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, nazorat tizimlarini takomillashtirish, sohada zamonaviy yondashuvlarni yo‘lga qo‘yish, xodimlar malakasini oshirish va amaliyot dasturlarini joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Xitoy Xalq Respublikasida joylashgan Sinxua universiteti huzuridagi "Beijing GS Technology Co.,Ltd." kompaniyasi vakillarini qabul qildi
“Beijing GS Technology Co., Ltd.” kompaniyasi — qurilish sohasida nazorat va monitoringni amalga oshirishga mo‘ljallangan ilg‘or raqamli platformalar, sensor texnologiyalari, sunʼiy intellekt asosidagi uskunalar, xavfsizlik tizimlari hamda intellektual monitoring yechimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar qurilish jarayonlarida xavfsizlik va sifat nazoratini raqamlashtirish, bino va inshootlarni monitoring va nazorat qilishda qo‘llanilayotgan yangi avlod texnologiyalarini joriy etish, ichimlik suvi sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda sunʼiy intellektga asoslangan texnik yechimlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.
Shu bilan birga, ishtirokchilarga Inspeksiyaning faoliyat yo‘nalishlari, joriy etilayotgan raqamli tizimlar, amaliy nazorat tajribalari va nazorat tadbirlari davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil taqdimot namoyish etildi. Taqdimot davomida nazorat infratuzilmasini rivojlantirish, monitoring jarayonlarini avtomatlashtirish, xalqaro standartlar asosida qoidabuzarliklarni aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida inspeksiya faoliyatida zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish, qurilish obyektlarida monitoring samaradorligini oshirish, xodimlarning malaka va ko‘nikmalarini xalqaro tajriba asosida oshirish, xorijiy mutaxassislar bilan o‘quv-seminarlar tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.






