Tabrik
2026-10-21 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Bugun, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 21-oktyabr kungi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ushbu sana yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Shu bois, barchani ushbu ulug‘ ayyom-milliy ma’naviyatimizni, qadriyatlarimiz va o‘zligimizni dunyoga tanitadigan ona tilimiz bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman!
Til - insoniyatga in’om etilgan buyuk ne’mat! U xalq tarixi, ruhiyati, o‘zligini ifodalaydi. Binobarin, betakror madaniy-ma’rifiy boyliklar, asriy qadriyatlar shu tushunchaga payvandlanadi.
Yer yuzida tillar ko‘p, lekin har bir xalq uchun o‘z tili aziz va muqaddas, davlat tili – milliy mustaqillikning timsoli, jamiyat ko‘zgusi va davlat ramzi sanaladi.
O‘zbek tili xalqimizning shu kungacha qo‘lga kiritgan yutuqlaridan eng zalvorlilari qatorida deya, hech shubhasiz, milliy tilimizni e’tirof etsak bo‘ladi.
Barchamizga O‘zbek tili bayrami kuni qutlug‘ bo‘lsin!
Alisher Rashidov
Navbahor tumani hokimi
