FESTIVAL
2026-06-18 21:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Navbahor tumanida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
💥Festival doirasida “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” dasturi hamda “Shukronalik uchrashuvlari” loyihalari asosida yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mazmunli uchrashuvlar o‘tkazildi.
💥Tadbirda tuman rahbariyati, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar va mahalla faollari qatnashib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xalqimiz farovonligi, tinchlik va osoyishtalikni asrash, milliy birlik va hamjihatlikning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
🎆Festivalning ijodiy guruh a’zolari tomonidan Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, yosh avlodni yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’rifiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan dasturlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
🎼Shuningdek, respublikamizning taniqli san’atkorlari va ijodkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari orqali Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati hamda mustaqilligimizning beqiyos qadri ulug‘landi.
🥳Festival tadbirlari Navbahor tumani aholisiga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu maqsadlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.





