“Profilaktik-ogohlantiruvchi murojaatnoma”
2026-10-08 18:25:00 / Murojaatnomalar

Assalomu alaykum, Aziz Narpayliklar !
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha, shuningdek, Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muhim Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llamoqdaman.
Shu maqsadda, viloyatimizda jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, sodir etilish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, tumanimiz hududidagi kriminogen vaziyat bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘taman.
Joriy yilning to‘qqiz oyida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlardan talonchilik, bosqinchilik va AMT olib qochish jinoyatlari sodir etilmadi.
Xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar salmog‘i o‘tgan yilga nisbatan 27,5 foizga yaxshilandi.
Tadbir doirasida tintuv tadbirlar olib borish davomida, jami 36 nafar kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi va giyohvandlik vositalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bilan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, 38 nafari qamoqqa olindi.
Tadbir davomida 36 ta giyohvandlik, 7 ta qo‘shmachilik, 1 ta odam savdosi, 10 ta noqonuniy qurol saqlash, 6 ta ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar va 9 ta poraxo‘rlik jinoyatlar aniqlandi.
43 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.
Ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa etib belgilagan holda Mahallalarda jinoyatni keskin maqsadida olib borilgan tadbirlar natijasida, 9 oyda
-53 ta mahallalarning 25 tasiga yoki 47,2 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Tungi vaqtda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvisiz ko‘ngilochar joylarda bo‘lishlariga yo‘l qo‘ygan 35 nafar shaxslarga ma’muriy chora ko‘rildi.
Ko‘chalarda avtomashinasini ochiq holatda qoldirgan, velosiped va aravachalarini, o‘z mulkini qarovsiz qoldirgan shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Hurmatli fuqarolar !
Bundan tashqari, kiberjinoyatlarni oldini olish maqsadida, tegishli soha vakillari bilan joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim muammoli masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilinmoqda.
Kundan kunga axborot texnologiyalari rivojlanib, internet tarmog‘ining imkoniyatlari oshib borayotganligi sababli ham, yangidan yangi jinoyat, kiberjinoyat turlari paydo bo‘lmoqda.
Kiberjinoyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, lekin afsuski aholimizga bu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari orqali zarur tushunchalarni haligacha yetkazib berolmayapmiz.
Joriy yilning birgina 9 oyida 115 ta kiberjinoyatlar qayd etilib, ularning asosiy qismini kibero‘g‘rilik (66 ta) va kiberfiribgarlik (42 ta) tashkil qiladi.
Ushbu jinoyatlarning fuqarolarimizning o‘zi plastik kartasi kodini jinoyatchilarga berganligi, internet orqali onlayn savdolarni amalga oshirishda pul mablag‘larini oldindan o‘tkazib berganligi kiberjinoyatlarga aldanganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu xavfdan qutulishning eng samarali yo‘li esa fuqarolarimizdan kiberjinoyatlarga qarshi “kibermadaniyat”ni shakllantirish, o‘z-o‘zimizni ushbu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz talab etiladi.
Xalqona tilda aytganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli xildagi e’lonlar va xabarlarga ishonmasligimiz lozim.
Agarda sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa yoki bank kartangizga hujum bo‘layotganligi aytilsa, bankning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib holatga oydinlik kiritishingiz shart.
Aziz Narpayliklar!
Yana bir jiddiy masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ham kundan-kunga avj olib bormoqda. Ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida ushbu jinoyatlar keng tarqalmoqda.
Olib borilgan tezkor-tadbirlar natijasida shu yilning o‘zida 7 ta jinoiy holat aniqlanib, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Giyohvandlik balosiga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Aziz Narpayliklar, farzandlaringizga yanada e’tiborli bo‘ling! Ularni xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlarida o‘zgarish sezsangiz zudlik bilan buni oldini olish choralarini ko‘rish lozim, bee’tibor bo‘lmang, tegishli idoralarga o‘z vaqtida murojaat qiling !
Hurmatli Narpayliklar,
Umuman olganda, bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz hayot kechirishiga qaratilgan.
Shunday ekan, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olib, tumanimiz hududida, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.
Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!
Aziz yurtdoshlar.
E’tiboringiz uchun rahmat!
