PAXTAChILIKDA KECHIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN AGROTEXNIK TADBIRLARNI TIZIMLI VA O‘Z MUDDATLARIDA AMALGA OSHIRIB, YUQORI HOSIL VA DAROMAD OLISH UCHUN PUXTA ZAMIN YARATING!
2026-06-04 14:15:00 / Yangiliklar

PAXTAChILIKDA KECHIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN AGROTEXNIK TADBIRLARNI TIZIMLI VA O‘Z MUDDATLARIDA AMALGA OSHIRIB, YUQORI HOSIL VA DAROMAD OLISH UCHUN PUXTA ZAMIN YARATING!
Muzrabot tumani Fermerlari kengashining fermerlarga
MUROJAATI
Hurmatli fermerlar,
Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini oshirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, samarali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining 2026 yil 8 maydagi “G‘o‘za va
bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli Farmoni bilan Siz fermer va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
birinchidan, paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizini, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31 dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining
5 foizini hamda bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkti fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi ya’ni, Siz fermerlarning mablag‘lari tejalayapti va iqtisodiy imkoniyatlaringiz oshayapti;
ikkinchidan, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026 yil 1 apreldan 2026 yil 1 iyulga qadar qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining
13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi budjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratiladi;
uchinchidan, g‘o‘za xomashyosini xarid qilish uchun g‘o‘za-to‘qimachilik klasterlari hamda g‘o‘za xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi qoplab berish bo‘yicha klasterlarga imtiyozlar berildi.
Paxtachilikda yuqori hosil olish, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar asosida o‘z samarasini berishini hammamiz his qilib
turibmiz.
Joriy yilda tuman bo‘yicha 7 000 gektar maydonlarda shundan,
1 925 gektardan ortiq Shinjon usulida chigit ekib, yuqori hosil olish bo‘yicha dalalarda shijoat bilan astoydil ish olib borilmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyun-iyul oyilari har yilgidan ko‘ra yomg‘irli va o‘ta issiq kelishi kutilayotganligi biz dehqonu-fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Aziz fermerlar!
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik,
2026 yil 1 iyunidan “Dolzarb 30 kunlik” davomida agrotexnik
tadbirlarni sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromad uchun puxta zamin yarataylik!
Buning uchun har bir fermer xo‘jaligi o‘z dalasida bo‘lib, g‘o‘zaga ishlov berish, parvarishlash borasida soha olimlari, mutaxassislari va tajribali ustoz fermerlar tavsiyasi asosida tizimli ishlarni tashkil etish lozim bo‘ladi.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, g‘o‘zadan yuqori hosil olish uchun
iyun-iyul oylarida, ya’ni joriy yilning 1 iyunidan – 1 iyulgacha “Dolzarb 30 kunlik”da Siz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarga har qachongidan ham ziyoda mas’uliyat bilan yondoshishingiz so‘raladi:
birinchidan, g‘o‘za maydonlaringizni begona o‘tlardan tozalashni tashkil eting, buning uchun avvalo barcha ishchilaringizga sharoit yaratib, chopiqchilarni dalaga safarbarlik qiling;
ikkinchidan, g‘o‘za qandalasi va boshqa zararkunandalar rivojlanishiga qarshi faol kurashing, bunda:
g‘o‘za maydonlaringiz atrofidagi yashil maydonlar (beda, begona o‘tlar, yantoq va boshqalarni) o‘ring;
dalaga tutash ariq bo‘ylari, yo‘l chetlari va tashlandiq maydonlarni tozalang;
dala atrofidagi yashil maydonlarni o‘rishdan oldin yoki o‘rilgandan so‘ng darhol o‘sha hududlarga maxsus ruxsat etilgan insektitsidlar ilan ishlov bering;
uchinchidan, xorijiy nav ekilgan (ikki genli) maydonlarga to‘liq glifosat sepishni tashkil eting, buning uchun birinchi glifosat preparati zahirasini yarating hamda OVX purkagichlarini dalaga chiqaring;
to‘rtinchidan, surunkali yog‘ingarchilikdan keyin havo almashinuvi yomonlashgan va achchiq zax ko‘chaygan maydonlarda dala sharoitidan kelib chiqib, qator oralarini 30-35 sm chuqur yumshatish va 10-16 sm chuqurlikda (kultivatsiya) ishlov bering;
beshinchidan, g‘o‘za maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan gektariga 250 kg.dan ikkinchi va uchinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshiring;
oltinchidan, g‘o‘za dalasiga zararkunandalar kirib kelmasligi uchun dala chetlariga oltinko‘z biomahsulotlarini 1000 dona/ga me’yorida tarqatish, begona o‘tlardan tozalash, oltingugurt va ISO qaynatmalar
bilan ishlov berishni 3-5 kunda yakunlang, ayniqsa g‘o‘za maydonlarida
shira-tripslarga va o‘rgimchakkanaga qarshi kurash choralarini kuchaytiring;
yettinchidan, g‘o‘zani stressdan chiqishi va rivojlanishini jadallashtirish maqsadida iyun oyida kamida ikki marta to‘liq aminokislotalar, mikroelementlar va biologik faol komplekslar saqlovchi preparatlar va karbomidli suspenziya sepishni amalga oshiring;
sakkizinchidan, g‘o‘zaning g‘ovlab ketishini oldini olish, bo‘g‘in oralig‘ini 3-4 sm dan oshirmaslik hamda hosil olishini tezlashtirish maqsadida 4-5-chinbarg davridagi g‘o‘zaga 5-6 gr, shonalash davrida esa
10-15 gr dan o‘sishni boshqaruvchi (Entojean, Sojean) preparatlari bilan ishlov o‘tkazing;
to‘qqizinchidan, bir gektar g‘o‘za maydoniga ikkitadan suvchilarni jalb etgan holda tunu-kun sug‘orishni tashkil eting;
o‘ninchidan, Shinjon ususida ekilgan maydonlarda tomchilatib sug‘orishni joriy eting;
o‘n birinchidan, g‘o‘za 2-3 chinbarg chiqarganda organik biopreparatlar, kimyoviy moddalar (gumin, gumimax, NVK, ifo, PZN, Bioduks va xokazo) biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering, g‘o‘zaning erta pishib yetilishi hamda paxtadan 50 sentner hosil olishga erishing;
o‘n ikkinchidan, biolaboratoriyangizda biomahsulotlarni sifatli va uzluksiz ko‘paytirish uchun ozuqa zahirasini yarating:
bunda, iyun oyida Trixogramma, Oltinko‘z va Brakon entomofaglarini ko‘paytirib, o‘z vaqtida dala chetlari va paxta dalangizga tarqating;
ko‘sak qurtining har bir avlodining tuxumlariga qarshi trixogrammani 3-4 kunda oralatib, 3 marta 1 grammdan (5X5 sxemada gektariga 400 nuqtada) tarqating;
o‘n uchinchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari paxtachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib, bu yil g‘o‘za hosilini 50 sentner yuqori hosil olib, yuqori daromad olishga erishing hamda Prezidentimiz qaroridagi belgilangan imtiyozlardan foydalaning.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xom-ashyo sifatida sotilgan tolalarimiz, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, Sizlarning rejalaringizning muhim omili yetishtirilgan hosilning o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib olinishga bog‘liqdir.
Fermer xo‘jaliklariga g‘o‘za parvarishi va uning agrotexnikasida moliyaviy yordamingizni ayamasangiz, kuzda buning o‘z mevasini ko‘rishni esdan chiqarmang.
Qadrli fermerlar!
Ushbu yilda ham qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori hosil yetishtirish uchun hozirdanoq puxta zamin yaratilishi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, g‘o‘za dalalarida agrotexnika tadbirlarini qisqa muddatlarda, sifatli qilib yakunlash choralarini ko‘rish shu kunning muhim vazifasidir.
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 30 kunlik”da mobaynida paxtachilikda kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarni tizimli va o‘z muddatlarida amalga oshirishga da’vat etamiz!
Muzrabot tumani Fermerlari kengashi
