MUZRABOT TUMANI ICHKI ISHLAR BO’LIMI BOSHLIG‘I PODPOLKOVNIK BADALOV G‘OLIB ABDUMALIKOVICHNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-04-22 09:15:00 / Yangiliklar

MUZRABOT TUMANI ICHKI ISHLAR BO’LIMI BOSHLIG‘I PODPOLKOVNIK BADALOV G‘OLIB ABDUMALIKOVICHNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
Assalomu alaykum hurmatli Muzrabot tumani fuqarolari va tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar!
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5 yanvar kuni “2026 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
1-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Muzrabot tumanida mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlandi.
Shuningdek, ilmiy-amaliy yondashuvlar va tahlillar asosida
2026 yil mart oyida tumandagi 37 ta mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, qolaversa, o‘tgan 2025 yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan rejalar belgilab olinib, tuman va mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi hamda ijro uchun mas’ullar belgilandi.
Tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 4 ta mahalla ya’ni Shaffof, Muzrabot darvoza, Yo‘lchi, va Yangi diyor mahallalariga tumandagi ma’sul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Shu bilan birga, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga doir ma’lumotlar “mahalla yettiligi”ga taqdim etilishi natijasida bugungi kunga qadar 912 nafar fuqarolarning muammolari o‘rganilib ijobiy hal etildi va qo‘shma xulosalar tuzildi.
Tumandagi huquq tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi orasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida 150 dan ziyod xonadonlar va 48 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan texnik qo‘riqlovga olinishiga erishildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish yo‘laklari oldiga 3 ta “TASHVISH TUGMA”lari ham o‘rnatildi.
Shu o‘rinda siz aziz fuqarolardan, kelgusida o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarni oldini olish, shuningdek, o‘z xonadonlaringiz hamda boshqa mol-mulklaringizni xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumandagi Qo‘riqlash bo‘limining texnik qo‘riqlov pultiga ulanishingizni tavsiya etaman.
Bugungi kunda texnik qo‘riqlash ob’ektiga ulangan barcha turdagi ob’ektlardan bo‘ladigan chaqiruvlarga Qo‘riqlash xizmatining maxsus avtopatrul guruhi xodimlari qisqa vaqtlarda ya’ni 3-5 daqiqa oralig‘ida yetib borishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Birgina misol tariqasida, joriy yil 3 oyi davomida jami
38 ta jinoyatar qayd etilib shularning 12 tasi yoki 31,6 foizini axborot texnologiyalari vositasida ya’ni sodda qilib aytganda kibermakonda sodir etilgan jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu jinoyatlarning sodir etilish sabab va omillarini tahlil qilganimizda fuqarolarimiz oson va mumay daromad orttirish maqsadida internetdagi moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havolalarga kirishlari, telefon qo‘ng‘iroqlarida o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirgan notanish shaxsga “SMS kodni” berishlari, “APK” virusli fayllarini ochishi orqali yoki onlayn do‘konlar orqali “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida firibgarlar tuzog‘iga tushishlari oqibatida bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Ushbu murojaatim orqali siz aziz fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlar hamda elektron pochta manzillari orqali yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslikni, onlayn do‘konlar orqali mahsulotni qabul qilmasdan yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni hamda shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni so‘rab qolaman.
Bundan tashqari, mart oyi yakuniy taxlillar shuni ko‘rsatmoqdaki sodir etilgan 5 ta o‘g‘irlik jinoyatlarining 3 tasi xonadon, 1 tasi do‘kon,
1 tasi chorva o‘g‘irligi jinoyatlari tashkil etmoqda.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib fuqarolarimizdan, qarovsiz qolayotgan xonadonlarini qo‘riqlash pultiga ulatish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatish choralarini ko‘rish, yirik va mayda shoxli chorva mollarini, avtotransport vositalarini qarovsiz va ochiq holda tashlab ketmaslik va eng asosiysi telefon va qimmatbaho buyumlarini olib yurishda extiyotsizlik orqali tushirib quymasligini so‘rab qolamiz.
Bu bilan Siz o‘z mulkingiz xavfsizligini ta’minlagan va jinoyatlarni oldini olishga hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Murojaatim so‘ngida sizlarni ogohlikka chaqirgan holda aholi xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa 102-qisqa raqami orqali yoki “ishonch telefon”larimizga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz.
G‘olib Badalov, Muzrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i.
