AN-2 — Mo‘ynoqliklar xotirasidagi afsonaviy samolyot
2026-07-15 10:50:00 / Kecha va bugun (fotogaleriya)

Bugun Mo‘ynoq markaziga kirishda o‘rnatilgan afsonaviy AN-2 samolyoti haqida suhbatlashamiz. Ko‘pchilik bu samolyotni shunchaki yodgorlik deb qabul qiladi. Aslida esa u butun bir davr, butun bir avlodning hayotini o‘zida mujassam etgan ramzdir.
- Shu bois, avvalo shuni so‘ramoqchiman. Bugungi yoshlar AN-2 samolyotini faqat yodgorlik sifatida ko‘rishadi. Sizning xotiralaringizdan ma'lum bo‘lishicha, u Mo‘ynoq aholisi uchun oddiy transport emas, balki hayot tarzi bo‘lgan. Sizningcha, nega aynan AN-2 samolyoti Mo‘ynoq tarixining timsoliga aylandi?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Biybixan Utambetova: - Har bir Mo‘ynoqqa kirib kelayotgan yo‘lovchi markazdagi AN-2 samolyotini ko‘rib hayron bo‘lishi mumkin. Aslida esa bu samolyot Mo‘ynoqning katta tarixini o‘zida aks ettiradi. Biz bolaligimizda har tong soat yettilarda uning gurillagan ovozi bilan uyg‘onardik. Soat 07:20 dagi reys Mo‘ynoqdan Nukusga uchardi. O‘sha davrda avtobus qatnovlari deyarli bo‘lmagani uchun AN-2 har kuni to‘rt mahal Mo‘ynoq va Nukus o‘rtasida qatnab, odamlarning asosiy transportiga aylangandi. Talabalik yillarim, mehmonlarimizning kelishi, qarindoshlarimiznikiga borishimiz – barchasi shu samolyot bilan bog‘liq. Shuning uchun AN-2 biz uchun oddiy texnika emas, balki hayotimizning ajralmas bir bo‘lagi edi.
- Sizning hikoyangizda AN-2 nafaqat yo‘lovchilarni, balki Mo‘ynoq iqtisodiyotini ham bog‘lab turgani seziladi. Ayniqsa, konserva kombinati mahsulotlarining havo yo‘li orqali tashilgani, olis ovullarning markaz bilan aloqasi ta'minlangani o‘sha davr infratuzilmasining qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘sha yillardagi aeroport hayoti va samolyotning iqtisodiy ahamiyati haqida yana qanday xotiralaringiz bor?
B.Utambetova: - Keyinchalik bilganmizki, samolyot ichida yumshoq va qattiq o‘rindiqlar bo‘lgan. Qattiq o‘rindiqlar o‘rniga konserva kombinatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Nukusga yetkazilgan. Aeroport kichkina bo‘lsa ham, o‘zining bufeti, kassasi va samimiy muhiti bor edi. Ob-havo o‘zgaruvchan bo‘lgani sababli reyslar ba'zan kechikardi. Shunda aeroport bufetida choy ichib kutgan kunlarimiz hanuz yodimizda. AN-2 nafaqat Mo‘ynoq bilan Nukusni, balki Qo‘ng‘irot, Aspantay, Qozoqdaryo, Porlitov, Shege va boshqa ovullarni ham bog‘lab turardi. U odamlarni, oziq-ovqatni, mahsulotlarni va eng muhimi, insonlarni bir-biriga yaqinlashtirgan transport edi.
- Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan Mo‘ynoq aeroporti zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi, yangi samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ammo markazga AN-2 samolyotining o‘rnatilishi o‘tmishga hurmat ramzi sifatida ham katta ma'no kasb etmoqda. Sizningcha, bu yodgorlik kelajak avlodga qanday xabarni yetkazadi?
B.Utambetova: - Bugungi samolyotlar, albatta, ancha qulay va tezkor. Nukusga 25 daqiqada yetib boramiz. Ammo AN-2 biz uchun tarixdir. U Mo‘ynoqni dunyo bilan bog‘lagan, minglab insonlarning taqdirida iz qoldirgan samolyot. Uni yodgorlik sifatida o‘rnatish orqali yoshlarimiz ota-onalari va bobolari qanday sharoitlarda yashaganini, qanday transportdan foydalanganini bilib oladi. Bu samolyot Mo‘ynoqning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lab turuvchi ramz sifatida qadrlanadi. U bizga tarixni unutmaslikni, taraqqiyot qadriga yetishni va Vatanimiz rivoji uchun shukr qilishni eslatib turadi.
AN-2 samolyoti mana shunday unutilmas xotiralar bilan mo‘ynoqliklar qalbidan chuqur joy olgan. Shuning uchun ham u tuman markaziga o‘rnatildi. Bugungi kunda bu maskan tuman aholisi, tashrif buyurayotgan mehmonlar va sayyohlar uchun sevimli manzillardan biriga aylangan. Ular bu yerda mashinadan tushib, esdalik suratlari va selfilarga tushishadi. Ammo AN-2 nafaqat selfi uchun mo‘ljallangan obyekt, balki Mo‘ynoqning boy tarixi, xalqning og‘ir va sharafli hayot yo‘li, avlodlar xotirasi hamda o‘tmish bilan bugunni bog‘lab turuvchi tirik ramz sifatida qadrlanadi. Shuningdek, Mo‘ynoq tarixini so‘zsiz hikoya qiladigan, har bir mo‘ynoqlikning bolaligi, sog‘inchi va xotiralarini o‘zida mujassam etgan tarixiy timsoldir.
Suhbatlashgan: Darig‘a Ablaeva, Mo‘ynoq tumani hokimining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi


