Inson hamda fuqaro huquq va erkinliklari kafolatlari
2025-05-23 13:55:00 / Yangiliklar
“Habeas Corpus” atamasi lotinchadan o‘zbek tiliga o‘girilganda “tanani, shaxsni (sudga) keltirish” ma’nosini anglatadi. G’arb mamlakatlarida jinoiy ta’qibga uchragan, hibsga olingan yoki qamoqda saqlanayotgan fuqaroning adolatli sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqini “Habeas Corpus” deb nomlash odat tusiga kirgan.
Ushbu institut dastlab XII asrdan boshlab Angliyada qo‘llanila boshlagan. XIV asrda Eduard I qirolligi davrida esa, ushbu amaliyot urf-odatga aylana boshlagan. Mazkur urf-odat o‘z navbatida inson huquqlari masalasi normativ hujjat ko‘rinishini ola boshlagan davrda, aniqroq aytganda, 1679-yil 26-may kuni Angliyada qabul qilingan “Fuqaro erkinligini yanada yaxshiroq ta’minlash va dengizdan tashqari hududlarda asossiz hibsga olishlarning oldini olish to‘g‘risida”gi qonun yoki “Habeas Corpus Act”da o‘zining normativ qiyofasini topgan.
O‘zbekiston tarixining mustaqillik yillari avvalgi davrdan farqli o‘laroq aynan istiqlol tufayli yurtimizda inson huquqlari va erkinliklari kafolati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani bilan alohida ajralib turadi. Avvalo shuni aytish kerakki, bu O‘zbekiston Konstitutsiyasida o’z ifodasini topdi. Unda eng oliy qadriyat sifatida davlat va ijtimoiy tizim emas, balki inson huquqi kafolatlab qo’yildi. Konstitutsiyaning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadrqimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning ikkinchi bo’limi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalishining o’zi asosiy qonunning insonparvarligini ko’rsatadi. Uning har bir moddasida fuqarolikka ega bo’lish va uni yo’qotish asoslari, shaxsiy huquq va erkinliklar fuqarolarning siyosiy huquqlari, ularning kafolatlanishi o’z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar hayotning barcha sohalarida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, huquqiy va boshqa munosabatlarda bir-birlari bilan teng huquqqa ega bo’ldilar. Ayrim shaxslarning foydalanishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar qonunda belgilanib, ular faqat ijtimoiy adolat prinsiplari asosida bo‘lishi ko‘rsatib qo‘yildi.
Umuman olganda qonunchilikda insonlar va fuqarolarning huquqlari farqlanadi. Inson huquqlari — har bir insonning tug‘ilishidan kelib chiqadigan, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan asosiy huquq va erkinliklar to‘plami hisoblansa, fuqaro huquqlari esa davlat bilan fuqarolarni o‘zaro bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquq va majburiyatlari majmuidir.
Insoniyat paydo bo‘lganidan hozirga qadar qanchadan-qancha murakkab davrlarni boshidan o‘tkazgan. Biroq, insonning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanib, ular qonunlar bilan muhofaza qilingan. Inson hayotiga suiqasd qilish og‘ir jinoyat hisoblangan. O‘zbekiston Respublikasida ham inson va uning huquq va erkinliklari Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlanadi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 7-bobi “Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlanib, ushbu bobning 25-moddasida, “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” deb qayd etilgan. Bosh qomusimizdagi birgina ushbu norma yurtimizda inson hayotiga oliy qadriyat sifatida qaralishini angalatadi.
Inson hamda fuqaro huquqlarining kafolatlanishi juda muhimdir. Har bir davlatda inson va fuqaro huquqlarini himoya qiluvchi qonunlar mavjud bo‘lishi zarur. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘lim,
10-bobi “Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari kafolatlari” deb nomlangan bo‘lib, Konstitutsiyaning 54-moddasida insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi deb belgilangan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, inson hamda fuqaro huquqlari — har bir jamiyatning asosiy poydevori hisoblanadi. Ularni kafolatlash orqali biz adolatli, tinch va farovon jamiyatni barpo etamiz. Har birimiz bunday kafolatlarni hurmat qilishimiz, ularga rioya qilishimiz va himoya qilishimiz lozimdir. Faqat shundagina biz haqiqatan ham erkin va farovon hayot kechirishimiz mumkin.
S.A.Raxmonov
Jizzax viloyat ma’muriy
sudining raisi
