“Kontrabanda” jinoyati
2025-04-22 15:15:00 / Yangiliklar
Aslida “kontrabanda” so‘zi italyancha “contra-bando” (“contra”-qarshi, “bando”-hukumat farmoni) so‘zidan kelib chiqqan. Yuridik ensiklopediyada qayd etilishicha, kontrabanda deganda, mamlakatga olib kelish va olib ketish ta’qiqlangan tovarlar, qimmatbaho buyumlar, valyuta boyliklari va boshqalarni davlat chegarasidan qonunga xilof ravishda, yashirincha usullarda o‘tkazish, shuningdek, ta’qiqlangan tovarlarni olib o‘tish uchun qonuniy harakatlar qilish tushuniladi.
Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni olib kirish yoki olib chiqishni ta’qiqlash davlat xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini, axloq-odobni, inson hayoti va sog‘ligini, atrof tabiiy muxitni muhofaza qilish, O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlarning tarixiy, arxeologik va san’at yodgorliklarini himoya qilish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazishni cheklash esa xalqaro vaziyat, ichki bozorni himoya qilishdan kelib chiqib, shuningdek chet el davlatlari va ittifoqlarining O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini kamsituvchi yoki ularga ziyon yetkazuvchi harakatlariga javoban choralar sifatida o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 06.09.2013-yildagi 18-sonli qarorining 17-bandida ta’kidlanishicha, “Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JKning 246-moddasiga muvofiq, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanib, deklaratsiyasiz yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, kuchli ta’sir qiluvchi, zaharli, zaharlovchi, portlovchi moddalar, radioaktiv materiallar, portlatish qurilmalari, qurol-yarog‘, o‘qotar qurol yoki o‘q-dorilarni shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni yoki diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni, yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirg‘in qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon bo‘lgan material va moslamalar, radioaktiv materiallarni (bundan buyon matnda - kontrabanda ashyolari) O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish boshqa jinoyat - kontrabanda tarkibini tashkil etadi”, deb ko‘rsatilgan.
Bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik bilan bog‘liq masalalar ko‘pchilik xorijiy mamlakatlar qonunchiligida dolzarbdir. Bu fakt bojxona sohasi bugungi kunda aksariyat mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy hayotidagi eng muhim va o‘zgaruvchan sohalardan biri ekanligi bilan izohlanadi.
