Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha jabhadagi islohotlar qonunchiligimizda ham bir qator o‘zgarishlar amalga oshirish vaqti keldi
2025-04-01 17:30:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asosi sifatida qator qonunlar qabul qilinib, yana bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritib borilmoqda. Jumladan O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 20 fevraldagi O‘RQ-1032-sonli “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan energiyaning hosil qilinishi va sarflanishini barqarorlashtirishga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishni soddalashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq energiya resurslari iste’molchilari tomonidan to‘lov intizomi darajasining pastligi issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar tomonidan iste’molchilarga energiya resurslari barqaror yetkazib berilishini hamda sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash uchun yetkazib berilgan energiya uchun to‘lov bo‘yicha qarzlarni o‘z vaqtida undirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga akkreditatsiyaning qaysi davri uchun davlat boji to‘lanishi aniqlashtirilmoqda. Ushbu Qonun bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilinganda issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini, shuningdek ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda mazkur davlat bojini ushbu yetkazib beruvchilardan undirish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash har bir yil uchun amalga oshirilishini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Mazkur Qonun iste’molchilar tomonidan qarzlarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga, aholining sifatli issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, shuningdek chet el tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji to‘lash tartibini aniqlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvarda qabul qilingan «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘RQ-600-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi:
1) 8-moddaning: birinchi qismi quyidagi mazmundagi 47-band bilan to‘ldirildi;
«47) issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar-tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda»;
ikkinchi qismidagi «33 — 36 va 371-bandlarida» degan so‘zlar «33 — 36, 371 va 47-bandlarida» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
2) 9-moddaning:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi 29-band bilan to‘ldirildi:
«29) issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda»;
ikkinchi qismidagi «21 va 221-bandlarida» degan so‘zlar «21, 221 va 29-bandlarida» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
3) ilova 7-bandining «g» kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etildi:
g) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish hamda uning amal qilish muddatlarini amal qilishning har bir yili uchun uzaytirish — bazaviy hisoblash miqdorining 48 baravari miqdorida qilib belgilandi.
U.B.Sattarov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Paxtakor tuman sudining raisi
M.M.Jo‘raev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Paxtakor tuman sudining tergov sudyasi
