Korrupsiya jamiyat kushandasi
2025-12-09 18:50:00 / Yangiliklar
Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir.
Makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga eng katta salbiy to‘lqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning ko‘rinishlari turlicha bo‘lishi mumkin: poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, nepotizm va hokazo.
Uning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos reytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘l keladigan yagona yechim yo‘q.
«Asr vabosi» – ya’ni, korrupsiyaning kelib chiqishi inson nafsidanmi? Albatta, bizning bu ehtimolimiz bejizga emas. Chunki insoniyat paydo bo‘libdiki, uni nafsi bor, nafs bo‘lgan joyda suiiste’molchiliklar bor.
Keling, shu o‘rinda, korrupsiyaning kelib chiqish sabablariga e’tibor qarataylik.
Tadqiqotchilar korrupsiyaning asosiy sabablari sifatida to‘rtta omilni ko‘rsatadilar.
Birinchisi - iqtisodiy sabablar. Bu haqda, muhtaram Prezidentimiz o‘zining chiqishlarida ko‘p marotaba so‘z yuritib keladi. Korrupsiyaning bu ko‘rinishi ijtimoiy va iqtisodiy hayotni bevosita ma’muriy yo‘l bilan boshqarishga intilgan hokimiyat va byurokratiyaning mavqei baland bo‘lgan davlat sharoitida rivoj topadi. Iqtisodiy faoliyatga nisbatan o‘rnatilgan turli xildagi cheklashlar, amaldorlarning keng, nazoratdan xoli, cheklanmagan yo ruxsat berish, yo taqiqlash vakolati poraxo‘rlikka zamin yaratadi. Shu bilan bog‘liq holda, yirik mablag‘larga ega bo‘lgan ayrim ishbilarmonlar o‘z daromadlarini ko‘paytirish maqsadida va raqobatda alohida imtiyozlarga ega bo‘lish uchun hukumat amaldorlarini pora evaziga sotib olib, ularni o‘z ixtiyorlariga bo‘ysundirishga intiladilar.
Ikkinchisi - huquqiy sabablar. Korrupsiyaning rivoji qonunlarning sifatiga bog‘liqdir. Mukammal bo‘lmagan qonunlar ishlamaydi va poraxo‘rlar bundan ustalik bilan foydalanadilar.
Uchinchisi - institutsional sabablar bo‘lib, ularga avvalo, davlat boshqaruvi tizimidagi nuqsonlar, demokratik institutlarning kuchsizligi, shuning natijasida, hukumat faoliyatining yopiqligi yoki fuqarolik nazoratidan holiligi kiradi.
To‘rtinchisi - ijtimoiy sabablar yoki jamiyatdagi muhit, aholining huquqiy bilimi, madaniyat darajasi, ma’naviyati, uyushqoqligi va jamoat faolligi pastligi kabi omillardir.
Pora olganlik uchun jinoiy javobgarlikka faqat davlat, kooperativ, jamoat va boshqa korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik vazifasini doimiy yoki vaqtinchalik bajarayotgan xodimlar tortiladi.
Pora beruvchining manfaati uchun tegishli harakatlarni bajarish vakolatiga ega bo‘lmasa-da, lekin o‘zining egallab turgan lavozimi mavqeiga ko‘ra, pora uchun ushbu harakatlar boshqa mansabdor shaxs tomonidan bajarilishi uchun chora ko‘rish mumkin bo‘lgan mansabdor shaxslar ham ushbu jinoyatning sub’ekti deb topiladi.
Mansabdor shaxsning o‘z qo‘li yoki nazorati ostidagi shaxslardan ularni xizmat yuzasidan himoyalash yoki qo‘llab turish, vakolati doirasiga kiruvchi masalalarni ushbu shaxslar manfaatlarini ko‘zlagan holda hal kilganligi uchun ulardan pul mablag‘lari yoki boshqacha boyliklar olishini pora olish deb baholanadi.
Boyliklar yoki xizmatlarni olish shartlari oldindan maxsus kelishilmagan bo‘lsa-da, lekin jinoyat ishtirokchilari pora, pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab berilayotganligini anglagan hollarda ham mansabdor shaxslarning harakatlari pora berish va olish deb tan olinadi.
Boshqa shaxsga pora berish yo‘li bilan istalgan harakat yoki harakatsizlikka erishishni taklif qilgan shaxs pora beruvchi tariqasida javobgar bo‘ladi, pora uchun kelishilgan harakatni bajarishga kelishgan va porani topshirgan shaxs esa pora berishda ishtirokchi tariqasida javobgar bo‘lishi lozim. Agarda u taklifning mohiyatini bilgan holda porani faqatgina taqdim etsa, uning harakatiga poraxo‘rlikda vositachilik tariqasida qaraladi.
Jinoyatni sodir etishda avvaldan, ya’ni jinoyat boshlanguncha kelishib olgan ikki yoki undan ortiq mansabdor shaxs ishtirok etgan bo‘lsa, pora olish bir gupyh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda sodir etilgan hisoblanadi. Jinoyat mansabdor shaxslardan loaqal biri pora olgan paytdan e’tiboran tugallangan deb hisoblanadi. Bunda pora oluvchi shaxsning pora olishda bir necha mansabdor shaxslar ishtirok etayotganligini tan olgan-olmaganligining ahamiyati yo‘q.
Qonun hujjatlarida korrupsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: "Korrupsiya" – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir. Aslida, korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir.
Hayotda turli holatlarga duch kelamiz. Ba’zida ko‘z o‘ngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, xalqimizda "Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzaldir" degan naql mavjud. Jamiyatimizdagi har qanday jarayonga loqayd munosabatda bo‘lmaslik barchamizning ustuvor burchimizdir, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz lozim.
Davlat xodimlari o‘z mansabidan foydalanib ushbu turdagi jinoyatga qo‘l urishidan yoki boshqacha yo‘l bilan aralashib qolishdan oldin chuqur mulohaza qilib o‘ylab ko‘rishlari lozim. Va holangki har-qanday jinoyat uchun jazo muqarrar.
Xulosa shundaki, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosog‘lom yashashida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy vazifasi ijtimoiy kayfiyatni yoritish: cho‘qqining o‘tkir nuqtasiga yetib kelganimizni eslatib turishdan iborat.
Abdumannon Shaydoev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining raisi
Sharif Xoliqulov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining tergov sudyasi
