Hokimiyat haqida

Mirobod tumani – Toshkent shahrining markaziy va sharqiy qismida joylashgan ma’muriy tuman.
Mirobod tumani XIX asr boshlarida Toshkent shahri hududining kengayishi natijasida shakllangan. Tuman sug‘ormali yerlardan iborat bo‘lgan va o‘z nomini suv inshootlarini boshqaruvchi “mirob” lavozimidan olgan. Salar, Qorasuv, Tolariq kabi kanal va ariqlar tuman hududidan o‘tadi.
Tuman 1929-yil 9-oktabrda “Temiryo‘lchilar” nomi bilan tashkil topgan, 1929-yil 29-noyabrda rasmiy ravishda Lenin tumani deb nomlangan.
Tumanda o‘sha davrda temiryo‘l ustaxonalari, O‘rta Osiyo temir yo‘llari boshqarmasi, Toshkent temir yo‘l uzeli, shuningdek, ta’lim muassasalari faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 8-maydagi 579-XII-son qaroriga ko‘ra, tuman nomi Mirobod tumani deb o‘zgartirilgan.
Mirobod tumani bugungi kunda shaharning tarixiy va ma’muriy markazlaridan biri hisoblanadi. Tuman hokimi – hududdagi eng yuqori mansabdor shaxs bo‘lib, ijro va vakillik hokimiyati faoliyatini boshqaradi.
2023-yil 7-oktabrdan tuman hokimi — Sayfutdinov Anvar Nazarovich.
