Mirobodlik o‘quvchi tarixiy 100 000-loyihani kiritdi!
2025-10-31 14:35:00 / Yangiliklar

Ta’lim sohasida o‘quvchilar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan “Mening maktabim” loyihasining yangi bosqichi 22-oktabr kunidan start oldi.
Bunda 5–11-sinf o‘quvchilari o‘z maktablarini yanada rivojlantirish uchun loyihalar ilgari surishlari va ovoz berishlari mumkin.
Shu kungacha bo‘lgan natija “Tashabbusli byudjet” dasturining 2022-yil 1-mavsumidagi 69 minglik ko‘rsatkichini ortda qoldirdi.
100 000-loyihani kiritgan o‘quvchi — Mirobod tumani, 263-sonli umumta’lim maktabining 5-“A” sinf o‘quvchisi Zavarzina Emiliya Dmitriyevna bo‘ldi.
Moliya vazirligi vakillari Emiliyani mazkur yutuq bilan tabriklab, unga “Moliyaviy lug‘at” kitobini ramziy sovg‘a sifatida taqdim etdilar.
“Mening maktabim” — bu har bir o‘quvchining o‘z maktabi hayotiga hissa qo‘shish, o‘z g‘oyasini amalda ko‘rish imkoniyati!

