Tezkorlik, tahlil va kreativlik: matbuot xizmatlari oldidagi vazifalar muhokama qilindi
2025-10-09 13:05:00 / Yangiliklar

"Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining matbuot xizmatlari rahbarlari, shuningdek, soha bo‘yicha mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etmoqda", - deb xabar qiladi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Seminar doirasida axborot siyosati va kommunikatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, feyk xabarlar va axborot xurujlariga qarshi turish, inqirozli kommunikatsiyani tashkil etish hamda zamonaviy PR texnologiyalari, raqamli media va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, sifatli kontent yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.
"Tadbir ochilishida ishtirokchilarga murojaat qilar ekanman, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar matbuot kotiblarining maqomi va mas’uliyatini sezilarli darajada oshirgani, faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratganini ta’kidladim.
Shu bilan birga, sohada hali tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotganini, ishda yetarli darajada tezkorlik, tahliliy yondashuv va kreativlik yetishmayotganini qayd etdim.
Ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda ishlash, har qanday vaziyatda ularning savollariga ochiq bo‘lish va o‘z vaqtida ularga javob qaytarish birinchi darajadagi vazifa bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladim.
Hamkasblarimni faol va tashabbuskor bo‘lishga, doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishga, mas’uliyat, ogohlik va yuqori professionallikni namoyon etishga, zamonaviy texnologiyalar asosida va ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishga chaqirdim.
Ishonchim komilki, bu o‘quv-amaliy seminar axborot xizmatlari rahbarlari uchun tajriba almashish, malaka oshirish va faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi".
