Ixchamlik — to‘y madaniyatining asosi
2025-10-03 12:05:00 / Yangiliklar

Mirobod tumanida to‘y va marosimlarni isrofgarchiliksiz, kamtarona o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Isrof va dabdaba emas, kamtarlik va ixchamlik bilan, ya’ni me’yor asosida o‘tadigan to‘ylar orqali sog‘lom ijtimoiy muhit yaratish maqsadida tuman deputatlari, oila va xotin-qizlar, adliya, FHDYo, IIOFMB hamda tuman ma’naviyat bo‘limlari hamkorligida manzilli sa’y-harakatlar boshlandi.
Nuroniylar, faol xotin-qizlar va jamoatchilik vakillari ishtirokidagi muloqotlarda isrofgarchilikning oqibatlari, shukronalikda hayot kechirish fazilatlari, va samimiy to‘y an’analari keng targ‘ib etilmoqda.
Tumandagi kafe va restoranlar ma’murlari bilan hamkorlikda sog‘lom urf-odatlarga mos xizmat ko‘rsatish, marosimlarda milliy qadriyatlar ustuvor bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ham muloqotlar olib borilmoqda.
To‘y — kimo‘zar musobaqasi emas, baraka va duolarga sabab bo‘ladigan ezgu marosimdir. Samimiylik – to‘yning ruhi, ixchamlik – uning ziynati.
Ushbu tashabbus faqat isrofgarchilikning oldini olibgina qolmay, balki jamiyatdagi ma’naviy poklik, hamjihatlik va milliy qadriyatlarni yanada mustahkamlaydi.

