Mirobod tumanida 85-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi
2025-09-19 17:05:00 / Yangiliklar

Bugun, 19-sentyabr kuni, “Chinor” mahallasida 85-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirdan so‘ng tantanali ravishda ishga tushirildi.
1971-yilda qurilgan va yillar davomida ta’mirga muhtoj holga kelgan ushbu muassasa to‘liq yangilanib, zamonaviy ta’lim talablariga mos holda qayta jihozlandi. 360 nafar bola uchun mo‘ljallangan muassasada kapital ta’mirlash ishlari “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib, loyiha umumiy qiymati 3 mlrdd so‘mni tashkil etdi.
Tantanali marosimda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, hokim o‘rinbosari Saidrasul Saidxanov, tuman huquq-tartibot idoralari, davlat soliq xizmati va ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda faol jamoatchilik va nuroniylar ishtirok etdilar.
Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov o‘z so‘zida ta’limga qaratilayotgan e’tibor — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustuni ekanini ta’kidladi:
“Har bir bola munosib ta’lim va tarbiya olishi uchun xavfsiz, zamonaviy muhit yaratish — biz mahalliy hokimiyatlar oldida turgan ustuvor vazifadir. 85-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangilanishi faqat bino qurilishi emas, balki kelajak avlod uchun poydevor yaratishga qaratilgan amaliy qadamdir.”
Ta’lim muassasasida guruh xonalari, oshxona, sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalar va yozgi maydonchalar to‘liq yangilanib, bolalar uchun innovatsion o‘quv-o‘yin muhiti yaratildi.
Marosim doirasida pedagogik jamoa va ota-onalar tomonidan ta’lim-tarbiya jarayoni sifatining yaxshilanishi, bolalar uchun qulay va ilg‘or sharoitlar yaratilgani yuzasidan ijobiy fikrlar bildirildi.






