Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik O.V.Xadjayevning tuman aholisiga murojaati
2025-09-12 16:45:00 / Rahbariyatning hisobotlari va murojaatlari

Assalomu alaykum, hurmatli Mirobod tumani aholisi hamda mehmonlari!
Joriy yilda tumanimiz miqyosida 135 marotaba ommaviy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy va sport tadbirlari o‘tkazilib, unda 267 mingdan ortiq fuqarolarning xavfsizligi ta’minlandi.
Mazkur tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashda Mirobod tumani ichki ishlar organlari xodimlari o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
Tuman hududidagi jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha qisqacha axborot:
- Joriy yilda tumanimiz hududida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 101 ta jinoyatlar fosh etildi;
- 14 667 nafar huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlandi;
- 99 nafar shaxslar reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
- jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 918 nafar shaxslar profilaktik hisobga hamda 52 nafar ilgari sudlanganlar ma’muriy nazoratga olindi;
- 46 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy hasta, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizildi;
- 99 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “himoya order”lari berildi;
- 864 ta sovuq qurol olib yurish holatlari bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi;
- profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 3166 nafar shaxslar bo‘yicha mahalla "yettiligi"ga xulosalar berildi va qo‘shma xulosalar asosida ularning muammolari hal etildi.
Tuman hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 16,05 foizga (293/349) kamayishiga erishildi.
Jinoyat turlaridan o‘g‘rilik (89/130), oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (6/7), qasddan yengil tan jarohat yetkazish (12/21), qasddan o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish (12/18) jinoyatlari kamaydi.
Ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 8,8 foizga (385/354) yaxshilandi.
Mahalla jinoyatchiligini jilovlashga qaratilgan tadbirlar natijasida, 2025-yil 8 oy yakuni bo‘yicha, tumandagi mavjud 39 ta mahallalarning 28 tasida (71,8 %) jinoyat kamaygan bo‘lsa, 8 tasida (20,5%) birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bundan tashqari Muhtaram Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvar kunidagi PQ1-son qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilgan ko‘chalar ro‘yhati shakllantirilib, ushbu ko‘chalardagi savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qo‘riqlash xizmatiga topshirish yuzasidan 290 ta arizalar olindi.
- Mahallalarga 1041 ta “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” va “Xonadon qo‘riqlovda!” mazmundagi fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi stikerlar joylashtirildi.
- Mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalariga 518 ta video-kuzatuv kameralari o‘rnatildi.
- Mahallalardagi ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 48 ta PTZ-kameralari o‘rnatildi.
- Tumandagi savdo markazlari va bozorlarga 32 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi.
- Mahallalardagi ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 575 ta zamonaviy domofon komplekslari o‘rnatildi.
- Mahallalardagi 866 ta ko‘p qavatli va yakka tartibdagi xonadonlar Mirobod tuman Qo‘riqlash xizmati tomonidan texnik qo‘riqloviga olindi.
- Mahallalardagi ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 210 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.
- Mahallalardagi 189 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari Qo‘riqlash xizmati tomonidan texnik qo‘riqloviga olindi.
- Shuningdek, 3-chorak yakuniga qadar 26 ta “Xavfsiz ko‘cha” va 65 ta “Xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchillik bilan davom ettiriladi.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar, buni sodda qilib aytganimizda kiberjinoyatlar deymiz.
Bu turdagi jinoyatlar zamon va makon tanlamasligi va masofadan, boshqa davlatlardan turib sodir etilishi sababli ish faoliyatimizda bir muncha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Joriy yilda bu yo‘nalishda jami 501 ta sodir etilgan jinoyatlar qayd etilib, asosan kibero‘g‘rilik (142 ta) va kiberfiribgarlik (345 ta) hisoblanadi. Kiberjinoyatlarning 60 foizida fuqarolarimizning o‘zi plastik kartasi kodini jinoyatchilarga berganligi, 35,2 foiz holatda internet orqali onlayn savdolarni amalga oshirishda pul mablag‘larini to‘lashda aldanganligi ma’lum bo‘ldi.
Kiberjinoyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda, lekin afsuski aholiga haligacha yetkazib berolmayapmiz.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli fuqarolarda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir.
Aziz fuqarolar, axir bu sizlarni pulingiz-ku, cho‘ntagingizdagi pulingizga qanchalik e’tiborli bo‘lsangiz, plastik kartangizdagi pullarga ham shunday e’tiborli bo‘ling. Hech kimga bermang shaxsiy ma’lumotingizni!
Har bir mahallada profilaktika inspektorlari tomonidan telegramda mahalla kanallari ochilgan, mana shu kanallarda kiberjinoyatlarning yangi turlari, usullari va ehtiyot choralari bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi. Tumanimiz aholisidan o‘zining mahallasidagi shu kanallarga a’zo bo‘lishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar
Biz ichki ishlar organlari xodimlari tuman hududida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda bu illatga qarshi kurashishda, avvalambor yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olishda tegishli tadbirlarni amalga oshirdik va hozirgi kunga qadar oshirib kelmoqdamiz.
Jumladan, shu yilning o‘zida 18 kg 091 gr giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoiy holatlarga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar davomida 2 050 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari xujjatlashtirib olindi. Mazkur aniqlangan jinoyat ishlari doirasida jami 141 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi.
Bu turdagi aniqlangan narkotiklar agar muomalaga chiqib ketganida, 90 mingdan ortiq yoshlarni zaharlashi mumkin edi.
Shunga o‘xshagan tadbirlar davomida, ko‘plab holatlarni aniqladik, lekin, bu yo‘nalishga yanada jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak.
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashgan, ya’ni giyohvandlik vositalarining savdosi bilan shug‘ullanuvchi internetga ko‘chgan! Bundan internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu esa jinoiy guruh faoliyati xorijdan turib boshqarilmoqda. Shuning uchun bu kabi jinoiy guruh rahbarlarigacha yetib borishda bir qancha qiyinchiliklar mavjud. Buni yashirolmaymiz.
Lekin bir narsani unutmaylik! Talab bo‘lmasa, taklif ham bo‘lmaydi.
Biz bu jinoyatlarni sodir etayotganlarni aniqlab, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlaymiz. Lekin shaxs javobgarlikka tortilishi bilan uning kelajagi, oilasi nima bo‘ladi? Bu illat butun jamiyatimiz va kelajagimizga katta xavfni keltirib chiqarishi mumkinligini utunmaylik. Bu illatga barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Hurmatli tumandoshlar, poytaxtimiz mehmonlari!
Jinoyat sodir etilganidan keyin emas, ularni oldindan bartaraf etishga e’tibor qarataylik.
Bugungi kunda tumanimizdagi 39 ta mahallalarning har birida mahalla teleram kanallari bor.
Mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan ushbu telegram kanalaga mahallaning 18 yoshdan oshgan barcha aholini a’zo qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Sizlardan iltimos, ushbu telegram kanallarga a’zo bo‘lsangiz, biz Sizlarga bugungi kundagi tumanimiz hududidagi jinoyatchilik ahvoli, kiberjinoyatlarning yangicha turlari, ulardan himoyalanish, narkotik va boshqa illatlarga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot berib boramiz. Ushbu telegram kanallarda har bir mahalladagi muhit haqida bevosita har kuni ma’lumotlar beriladi, eng asosiysi Siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri profilaktika inspektori bilan bevosita aloqada bo‘lasiz. Turli masalalarda murojaat qilishga, qiziqtirgan savollar va boshqa ma’lumotlar haqida bog‘lanish imkoni bo‘ladi.
Shu o‘rinda, hurmatli fuqarolarimizdan ogoh bo‘lishlarini, oilasi, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda jonbozlik ko‘rsatishlarini ham so‘rab qolaman.
Agarda, Sizda fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga 102 raqami orqali yoki ishonch telefonlarimizga xabar berishlarizni so‘raymiz.
Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz.
Shuni e’tiborga olingki, bu, ayrimlar aytganidek “quloqlik” emas, balki davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchiga sodiqlik hisoblanadi. Sizning shu xabaringiz asosida og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim.
Murojaatim so‘ngida tuman ichki ishlar organlari xodimlari nomidan barchangizga oilaviy hotirjamlik va sog‘-salomat bo‘lishingizni tilab qolamiz. Yurtimiz doimo tinchlik, xonadonimizda fayzu baraka bo‘lsin. Birgalikda kelajak avlodning sog‘lom va yetuk bo‘lib ulg‘ayishi hamda mustaqil Vatanimizning kelajagi uchun mahallamizni, tumanimizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
E’tiboringiz uchun rahmat!
