Mirobod tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limining yarim yillik hisoboti
2025-08-12 16:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining:
- PQ–103-sonli "Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida",
- PF–208-sonli "Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida",
- PQ–401-sonli “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari,
shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 145-sonli “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Mirobod tumanida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
2025-yilning birinchi yarim yilligi davomida tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan aniq maqsadli, tizimli va manzilli faoliyat yo‘lga qo‘yilib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, muammolarini aniqlash va bartaraf etish borasida samarali natijalarga erishildi.
Mirobod tumanida umumiy aholi soni 154 ming nafardan ortiq bo‘lib, shundan 78 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Tumandagi 39 ta mahallaga jami 23 nafar xotin-qizlar faollari biriktirilgan. Ulardan 18 nafari oliy ma’lumotli (shundan 3 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli), 5 nafari esa o‘rta-maxsus ma’lumotga ega.
Oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
Tumanda sog‘lom avlodni tarbiyalash, xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Hisobot davrida tug‘ish yoshidagi ayollar soni 37 694 nafarni tashkil etgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida:
- Tumandagi umumiy tug‘ruqlar soni – 523 ta,
- Go‘daklar o‘limi – 2 ta holatni tashkil etdi.
Homiladorlikning rejali va xavfsiz kechishini ta’minlash, reproduktiv salomatlikni saqlash maqsadida 642 nafar ayol kontraseptiv vositalar bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, kontraseptiv vositalarga ehtiyoj sezadigan, lekin hozircha qamrab olinmagan ayollar soni 6096 nafarni tashkil etadi.
Ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 4477 nafar xotin-qiz onkoskrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi.
Yoshlar, ayniqsa voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta tug‘ruq, erta nikoh, nosog‘lom turmush tarzi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 39 ta mahalla va 19 ta ta’lim muassasasida "Erta tug‘ruqlarning salbiy oqibatlari" mavzusida 60 dan ziyod targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom hayot tarzini shakllantirish maqsadida “Sport — salomatlik garovi” shiori ostida:
- Voleybol,
- Stol tennisi,
- Shaxmat va shashka,
- 5000 qadam yurish va
- boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlarda 1000 nafardan ortiq xotin-qizlar faol ishtirok etdi.
Oila institutini mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni targ‘ib etish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
Oilaviy qadriyatlarni saqlash va mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida Mirobod tumanida bir qator amaliy ishlar tashkil etildi.
🔹 11 fevral – "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni" munosabati bilan 8–12 fevral kunlari ta’lim muassasalari va mahallalarda "Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida haftalik tashkil etildi. Ushbu tadbirlarga 35 nafar olima, oqila va rahbar ayollar jalb etildi.
🔹 3–10 mart kunlari “Ayolga ehtirom” haftaligi doirasida o‘tkazilgan turli tadbirlarda 400 nafardan ortiq xotin-qizlar faol ishtirok etdi.
🔹 Jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etib, oila farovonligi, onalik va bolalikni muhofaza qilishda munosib hissa qo‘shgan 3 nafar ayol "Mo‘tabar ayol" ko‘krak nishoniga tavsiya etildi.
🔹 “Oila mustahkamligi uchun barchamiz mas’ulmiz” shiori ostida tumandagi notinch oilalarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ajrimlarning oldini olish maqsadida 21 ta ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularda 350 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etdi.
🔹 Oilaviy qadriyatlarni asrash va ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish maqsadida:
- 10 ta oila "Ibratli oila" ko‘krak nishoniga tavsiya etildi,
- 8 nafar oila ushbu nishon bilan taqdirlandi.
🔹 Oila ma’rifatida onalarning rolini kuchaytirish maqsadida har oyning 17 sanasida an’anaviy “Kitobxon onalar” kuni tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Bu tadbirlarga 100 nafardan ortiq uy bekalari jalb etildi.
🔹 Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan ayollarning ma’naviy ongini yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni avlodlarga yetkazish maqsadida "Ayol — qadriyatlar davomchisi" mavzusida milliy an’ana va urf-odatlar taqdimoti tanlovi o‘tkazildi. Tadbir davomida milliy marosimlar namoyish qilindi.
🔹 2025 yilning may–iyun oylarida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yo‘naltirish maqsadida:
- 20 nafar xotin-qizga Vazirlar Mahkamasining 322-sonli qarori asosida,
- 13 nafar xotin-qizga 402-sonli qaror asosida ishchi guruh tomonidan tavsiyanomalar berildi.
Oilaviy ajrimlarni kamaytirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
Sog‘lom va barqaror oila jamiyat poydevori hisoblanadi. Ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, turmush qurish arafasidagi yoshlarni ongli ravishda oilaviy hayotga tayyorlash, ajrimlar va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirish bugungi kunda muhim vazifalardan biriga aylandi.
2025-yilning 1-yarim yilligida Mirobod tumanida jami 183 ta oilaviy ajrim qayd etildi.
Ajrimlarni tahlil qilish jarayonida ma’lum bo‘lishicha:
- 75 ta holat boshqa tuman va viloyat fuqarolari tomonidan Mirobod tumani FHDYo bo‘limida rasmiylashtirilgan eksterritorial ajrimlardir;
- To‘g‘ridan-tog‘ri tumanda yashovchi fuqarolarga tegishli ajrimlar soni esa 110 tani tashkil etgan.
Yosh oilalar orasida ajrim holatlari alohida xavotir uyg‘otmoqda:
- 30 yoshgacha bo‘lgan juftliklar o‘rtasida — 61 ta,
- 1–5 yil birga yashagan oilalar orasida — 60 ta ajrim qayd etilgan.
Umuman, ajrimga uchragan oilalarda 190 nafar voyaga yetmagan farzand borligi bu muammoning ijtimoiy yoqini yanada chuqurlashtiradi.
Oilaviy inqirozlarning oldini olish va aholini xabardorlik darajasini oshirish maqsadida:
- 100 ta davra suhbati va targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi,
- Ularda 1200 nafarga yaqin aholi qatnashdi.
Tadbirlar bilan birga, muammoli oilalar ro‘yxati shakllantirilib:
- 142 ta fuqarolik sudiga berilgan ariza,
- 36 ta FHDYoga berilgan ariza,
- 51 ta mahallada jami 229 ta ajrim xavfi ostidagi oilalar qayd etildi.
Mazkur oilalar bilan individual ishlash, yarashtirish va ruhiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tuman fuqarolik sudi qoshidagi mediatsiya markazi, shuningdek mahallalardagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari faoliyati samarali tashkil etilgan.
Natijada:
- 113 ta oila yarashtirildi,
- 24 ta oilaga qayta ko‘rib chiqish uchun muddat berildi,
- 92 ta oila bilan ishlash jarayonlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 820-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi"da 2025-yilning 6 oyi davomida 130 nafar turmush qurish arafasidagi yoshlar o‘quv kurslariga jalb qilindi.
“Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar
Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ehtiyojmand ayollar qatlamini aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi bo‘yicha Mirobod tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
🔹 1-toifa – Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar
Jami 1393 nafar ayol ushbu toifaga kiritilgan bo‘lib, ulardan 998 nafari ish bilan ta’minlandi.
🔹 2-toifa – Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlar
6 nafar ayol Toshkent shahar Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida tadbirkorlikka o‘qitildi. Ularning 4 nafariga jami 70 mln so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Qolgan 2 nafarga kredit olishda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
🔹 3-toifa – Boquvchisi yo‘q ehtiyojmand xotin-qizlar
Jami 1162 nafar ayol ro‘yxatga olingan. Ulardan 1001 nafarga umumiy hisobda 1 mlrd 83 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi. Shuningdek, 612 nafar ayol tibbiy ko‘mak bilan ta’minlandi.
🔹 4-toifa – Nogironligi bo‘lgan yoki tezkor tibbiy yordamga muhtoj ayollar
Ushbu toifada 2644 nafar xotin-qiz qayd etilgan. Ulardan:
- 569 nafarga jami 569,6 mln so‘m bir martalik moddiy yordam berildi
- 1580 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur davolash choralari ko‘rildi
🔹 4.1-toifa – Uy-joy ta’miriga muhtoj xotin-qizlar
1 nafar ayol ro‘yxatga olinib, uning turar joyini xomiylik asosida ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
🔹 5-toifa – Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar
Jami 6 nafar ayol kiritilgan bo‘lib:
- 3 nafari turar joy bilan ta’minlanishi,
- Qolgan 3 nafariga ijara kompensatsiyalari to‘lab berilishi rejalashtirilgan.
🔹 6-toifa – Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor xotin-qizlar
256 nafar ayol ushbu toifaga kiritilib, barchasiga umumiy hisobda 258 mln so‘m moddiy yordam mablag‘lari ajratildi.
Umumiy holda, “Ayollar daftari” jamg‘armasi orqali jami 1 mlrd 750 mln so‘m mablag‘ xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etishga yo‘naltirildi.
Xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan barcha yordam turlari — mahalla “yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida, aniq mezon va tahlillarga tayanilgan holda amalga oshirildi.
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlar
Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni kamaytirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish — barqaror taraqqiyot va oila institutlarini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.
2025-yilning 6 oyi davomida Mirobod tumanida xotin-qizlar tomonidan 14 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 taga kamaygan.
Bu natijalar xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlikni kamaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy samarasini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, 6 oy davomida 73 nafar ayol tazyiq va zo‘ravonlikka uchragani qayd etilgan bo‘lib, ularga qonuniy asosda himoya orderlari taqdim etildi.
Zo‘ravonlik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida:
- 21 ta targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi
- Ularda 1200 dan ortiq xotin-qizlar ishtirok etdi
Shuningdek, joriy yilning 6 oyi davomida Mirobod tumanida erta nikoh va erta tug‘ruq holatlari qayd etilmadi, bu esa mahallalarda muntazam amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar samaradorligini tasdiqlaydi.
Mirobod tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Feruza Madaminova
