Mirobodda yirik mehnat yarmarkasi: asosiy e’tibor yoshlar va xotin-qizlar bandligiga qaratildi
2026-10-14 14:55:00 / Yangiliklar

Mazkur yarmarka Mirobod tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman soliq organlari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, ish izlayotgan fuqarolarga bevosita ish beruvchilar bilan muloqot qilish, mavjud vakansiyalar bilan tanishish va o‘zlari uchun munosib ish o‘rnini tanlash imkoniyatini yaratdi.
Mehnat yarmarkasiga Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev hamda tuman IIO FMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov tashrif buyurib, ish beruvchilar va ish izlayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdilar.
Muloqotlar davomida, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashish jarayonida duch kelayotgan muammolarini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehnat yarmarkasi doirasida tuman IIB Probatsiya guruhi hisobida turgan ikki nafar fuqaroning ham bandligi ta’minlandi. Bu esa aholining turli qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasidagi ishlar muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor namoyon etdi.
Zero, har bir ta’minlangan ish o‘rni — bu nafaqat bir insonning bandligi, balki bir oilaning daromadi, farovonligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir.
Eslatib o‘tamiz, mehnat yarmarkasi ertaga, 15-oktabr kuni ham davom etadi. Ish izlayotgan barcha fuqarolarni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.









