Bir nafar yosh — bir nafar ish beruvchi
2026-10-10 18:00:00 / Yangiliklar

Bugun tumanimizdagi “Afrosiyob” mehmonxonasida ishsiz bitiruvchi yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ishga joylashish jarayonida duch kelayotgan muammolarini o‘rganish hamda har bir murojaatga aniq yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Ochiq muloqotda Toshkent shahar Soliq boshqarmasi boshlig‘i J. Mirpulatov, Mirobod tumani hokimi A. Sayfutdinov, tuman IIO FMB boshlig‘i U. Nasriddinov hamda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i N. Shomansurov ishtirok etib, yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildilar.
Uchrashuv davomida “Bir nafar yosh — bir nafar ish beruvchi” tamoyili asosida 70 nafardan ziyod yoshlarning murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat ortida turgan muammo, ishga joylashish istagi va kelajak rejalari atroflicha muhokama qilindi. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasbiy bilim va ko‘nikmalariga mos ish topishlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning eng muhim jihati — murojaatlarni shunchaki tinglash bilan cheklanib qolmasdan, ularni amaliy hal etishga ustuvor ahamiyat berilganidir. Yoshlarning aksariyat murojaatlari shu joyning o‘zida ijobiy yechim topdi. Bu esa rahbarlar va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqot, bevosita hamkorlik hamda manzilli yondashuvning naqadar muhimligini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir davomida yoshlarning fikr va takliflarini erkin bayon etishlari, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari hamda bandlik masalalarida tegishli mutasaddilar bilan bevosita muloqot qilishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarni qiynayotgan masalalarni joyida aniqlash, muammolarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yechim topish va ish beruvchilar bilan yoshlar o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, har bir yoshning ishli bo‘lishi — nafaqat uning shaxsiy kelajagi, balki oilasi farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhimdir. Yoshlarning bilimli, tashabbuskor va mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun ularga imkoniyat yaratish, salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va muammolariga befarq bo‘lmaslik doimiy e’tibor talab etadi.
Mirobod tumanida bu boradagi ishlar “Bir nafar yosh — bir nafar ish beruvchi” tamoyili asosida izchil davom ettirilib, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning murojaatlarini manzilli o‘rganish va har bir yoshning kelajagi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maqsad — har bir yoshga munosib imkoniyat, har bir murojaatga amaliy yechim va har bir intiluvchan yigit-qizga mehnat faoliyatini boshlash uchun ishonchli ko‘mak berish!









