Mirobod tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi
2026-10-09 12:05:00 / Yangiliklar

Mazkur o‘quv mashqi Mirobod tumani hokimligi huzuridagi Vaziyatlar markazidan muvofiqlashtirilib, unda tuman hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddilari hamda tegishli mas’ul tashkilotlar va xizmatlar vakillari ishtirok etdi.
Mashq davomida kuz-qish mavsumida kommunal soha ob’ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda kuch va vositalarni tezkor safarbar etish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oqibatlarini qisqa muddatlarda bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mas’ul xizmatlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlash, harakatlarini muvofiqlashtirish, aholi xavfsizligini muhofaza qilish hamda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti kabi muhim xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlar ko‘rib chiqildi.
O‘quv mashqining asosiy maqsadi — kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga shaylikni oshirish va aholiga qulay hamda xavfsiz sharoit yaratishdan iborat.









