Anvar Sayfutdinov: “Yoshlardan yangi g‘oyalar, tashabbus va innovatsion yondashuv kutamiz”
2026-10-08 17:50:00 / Yangiliklar

Bugun Mirobod tumani hududida joylashgan Toshkent fotosuratlar uyida Toshkent shahar prokurori Anvar Urmanov, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIO FMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuvda yoshlarning fikr va takliflari, ularni qiziqtirayotgan yangi yo‘nalishlar, zamonaviy kasblar hamda kundalik hayotida yechimini kutayotgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, zamonaviy texnologiyalar, raqamli imkoniyatlar, innovatsion g‘oyalar, talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish va munosib ish topish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida tuman hokimi Anvar Sayfutdinov yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi:
“Bugun biz yoshlardan nafaqat bilim va mehnat, balki yangi g‘oyalar, innovatsion yondashuv va tashabbus kutamiz. Zamon tez o‘zgaryapti. Shuning uchun yoshlarimiz bu o‘zgarishlarni kuzatibgina qolmasdan, ularning faol ishtirokchisi va yaratuvchisi bo‘lishi kerak. Sizlardagi har bir yaxshi g‘oyani eshitish, qo‘llab-quvvatlash va uni amalga oshirish uchun sharoit yaratish — bizning vazifamiz.”
Darhaqiqat, bugungi yoshlar — yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtirayotgan, zamonaviy bilimlarga intilayotgan va o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga tayyor avlod.
Shu bois yoshlardan yangi loyihalar, raqamli yechimlar, startaplar, zamonaviy kasblar va jamiyat hayotiga foyda keltiradigan innovatsion tashabbuslar kutiladi.
Muloqotda yoshlarning bandligini ta’minlash, zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallashi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi, shuningdek, o‘z iqtidor va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Zero, yoshga imkoniyat berilsa — g‘oya tug‘iladi, g‘oya qo‘llab-quvvatlansa — tashabbusga, tashabbus esa natijaga aylanadi.
Yoshlar g‘oyasi — Mirobod kelajagining yangi harakatlantiruvchi kuchi!









