Otaliqqa olingan bolaga munosib sharoit yaratildi
2026-10-08 15:55:00 / Yangiliklar

Mirobod tumanida ham bu ezgu maqsadlar amaliy ishlar bilan o‘z ifodasini topmoqda.
Xususan, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik U.S. Nasriddinov tomonidan otaliqqa olingan “Zaminobod” mahallasida yashovchi bolalar uyi tarbiyalanuvchisi S. Xanning yashash sharoiti o‘rganilib, uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Bola yashayotgan xonadondagi sharoitni yaxshilash maqsadida uy to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Ta’mirlash ishlari yakunlangach, tuman IIO FMB boshlig‘i U.S. Nasriddinovning o‘zi xonadonga borib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va ta’mirlangan xonadonni shaxsan topshirdi.
E’tibor faqat xonadonni ta’mirlash bilan cheklanmadi. Bolaning oilaviy sharoiti ham tegishli tartibda o‘rganilib, onasi Yelena Nikolaeva bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda zarur choralar ko‘rildi. U davolanishi uchun ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirildi.
Bu jarayonda eng muhimi — bolaning taqdiriga befarq qaralmagani, uning yashashi va kelajagi uchun mas’uliyat his qilinganidir.
Zero, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati avvalo shunday amaliy ishlar — e’tiborga muhtoj inson holidan xabar olish, muammosini o‘rganish va uni hal etish uchun shaxsan mas’uliyatni zimmaga olish orqali namoyon bo‘ladi.
Bir bolaning hayotiga kirib borish, unga munosib sharoit yaratish va kelajagiga ishonch berish — katta ezgulikning amaliy ifodasidir.









