Tumanda aholi bandligi va kambag‘allikni qisqartirish masalalari o‘rganildi
2026-10-07 14:15:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar prokurori Anvar Urmanov boshchiligida Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov hamda mas’ullar ishtirokida tumandagi mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Shuningdek, tumanda tashkil etilgan "Vaziyatlar markazi" faoliyati bilan tanishildi. Markaz orqali hududdagi vaziyatni doimiy monitoring qilish, mavjud muammolarni tezkor aniqlash, mas’ul xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda aniqlangan holatlar yuzasidan o‘z vaqtida chora ko‘rish jarayonlari ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar davomida "Kambag‘allik reyestri"da ro‘yxatda turgan fuqarolarning murojaatlarini hal etish, ularni daromadli mehnatga jalb qilish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda oilalar daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni aniqlash, ularning kasbiy ko‘nikmalari va qiziqishlaridan kelib chiqib munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga jalb etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muloqot chog‘ida fuqarolarni band qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Yakunda mahalla "yettiligi" va mas’ullarga oilalar farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish borasida belgilangan vazifalarni sifatli va to‘liq bajarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalar ijrosi nazoratga olindi.







