Mirobod tumanida qo‘shimcha 1505 o‘rinli maktab qurilishiga start berildi
2026-09-29 12:45:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqlarida ta’limga alohida e’tibor qaratib, bilim va ko‘nikmalarni kelajak taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirish muhim vazifa ekanini ta’kidlagandilar. Shuningdek, so‘nggi 10 yilda mamlakatimiz maktablarida 1,5 millionta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgani qayd etildi.
Bu borada Mirobod tumanida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugun “A.Avloniy” mahallasida joylashgan 328-sonli umumta’lim maktabi hududida qo‘shimcha 1505 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishiga start berildi.
Mazkur ta’lim muassasasining umumiy yer maydoni 0,9 gektarni tashkil etadi. Maktab loyiha bo‘yicha 1000 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirgi kunda unda 1510 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Bu esa maktabning quvvatdan foydalanish koeffitsienti 1,5 ni tashkil etayotganini ko‘rsatadi.
Mavjud holatdan kelib chiqib, ta’lim muassasasi hududida qo‘shimcha 1505 o‘rinli zamonaviy maktab binosini barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
Yangi binoning qurilishi natijasida maktabda o‘quvchilar uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratiladi, ta’lim jarayonini yanada qulay tashkil etish imkoniyati kengayadi hamda mavjud o‘quv yuklamasini sezilarli darajada kamaytirishga erishiladi.
Eng muhimi, yangi maktab binosi yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlarni yanada kengaytiradi.
Qurilish ishlarining boshlanish jarayonida Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, nuroniylar hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida qurilish ishlarini belgilangan talablar asosida, sifatli va o‘z muddatida amalga oshirish, yaratiladigan infratuzilmani zamonaviy ta’lim talablariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’limga investitsiya — kelajakka investitsiya.
Mirobod tumanida yosh avlod uchun munosib ta’lim sharoitlarini yaratish, mavjud maktablar quvvatini oshirish va ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.









