Mahallalarda bandlik masalalari tanqidiy-tahliliy o‘rganildi
2026-09-24 19:35:00 / Yangiliklar

Bugun, 24-sentabr kuni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov hamda tuman prokurori Bobur Abdullayev ishtirokida “At-Termiziy”, “Farovon”, “Lolazor”, “Afrosiyob” va “Sh. Rashidov” mahallalari “yettiligi” bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va oilalar uchun barqaror daromad manbalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar bilan ishlash holati tahlil qilinib, ularni mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda daromadli faoliyatga jalb etish choralari muhokama qilindi.
Bunda asosiy e’tibor fuqarolarni faqat ro‘yxatga olish yoki mavjud muammolarni qayd etish bilan cheklanmasdan, har bir oila uchun aniq yechim belgilashga qaratildi. Xususan, kimni ishga joylashtirish, kimni kasb-hunarga o‘qitish, kimga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ko‘maklashish va qaysi xonadonda mavjud imkoniyatdan foydalangan holda qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish mumkinligi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
O‘rganishlar yakunida aniqlangan muammolarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Kambag‘allikni qisqartirishda asosiy mezon — o‘rganilgan xonadonlar yoki shakllantirilgan ro‘yxatlar soni emas, balki fuqaroning ish bilan ta’minlangani, kasb egallagani, tadbirkorlik faoliyatini boshlagani va oilada barqaror daromad manbai yaratilganidir.
Mirobod tumani mahallalarida aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadlarini oshirish bo‘yicha manzilli o‘rganishlar belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davom ettiriladi.









