Mirobod tumani hokimining keng jamoatchilikka murojaati
2026-09-12 20:00:00 / Rahbariyatning hisobotlari va murojaatlari

Hurmatli tumanimiz aholisi va qadrli tadbirkorlar!
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tuman hokimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilab berildi.
Muhtaram Prezidentimizning Toshkent shahriga qilgan tashriflarida tumanimizdagi har bir ko‘cha, mahalla, maktab va bog‘cha bo‘yicha aniq topshiriqlarni belgilab oldik.
Davlatimiz rahbari kuni kecha juda muhim bir talabni qo‘ydilar: “Har bir tuman hokimi qaysi ko‘chada, qachon, nima o‘zgarish bo‘lishini mahalliy kengashda himoya qilib, aholiga e’lon qilishi kerak. Ana shunda odamlar har bir loyiha vaqtida topshirilishi va sifatini o‘zi talab qilib oladi”, deb ta’kidladilar.
Men ushbu topshiriqni tumanni rivojlantirishning Istiqbolli dasturi deb qabul qildim. Shuning uchun bugun va’da emas, balki aniq ro‘yxat, aniq sanalar va raqamlarga asoslangan rejalarimizni sizlarning e’tiboringizga taqdim etmoqdaman.
BIRINCHIDAN: Ochiq haqiqat va hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarga to‘xtalmoqchiman:
Biz oldinga siljish uchun, avvalo, tumanimizdagi real holat va kamchiliklarni ochiq tan olishimiz kerak,
- Tumanimizda maktabgacha ta’lim qamrovi hozirda 83,2 foizni tashkil qiladi — bu Mirobod tumanimizga yarashmaydi.
- Xizmatlar hajmi yil boshidan atigi 24 foizga o‘sgan, bu ham mavjud salohiyatimizga nisbatan juda kam.
Bularni kamchilik deb tan olaman va ularning yechimi bo‘yicha barcha imkoniyat va resurslarni safarbar etaman.
IKKINCHIDAN: Infratuzilma va obodonlashtirish sohasi bo‘lib, har bir ko‘cha va mahalla nazoratini o‘rnatamiz
Mahallalarda obodonlashtirish, sanitariya, yashil hududlarni kengaytirish va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi.
Aholi kayfiyatini ko‘tarish va hordiq chiqarishi maqsadida Tolariq kanali qirg‘oq bo‘ylarini soyali sayrgohlarga aylantiriladi.
- Bu yil dasturga kiritilgan “Taras Shevchenko” (4-bosqich) ko‘chasi bilan cheklanmasdan, ishni Shaxrisabz, Afrosiyob, Oybek, Said Baraka, Fidokor, Turkiston, Istiqbol va Sodiq Azimov ko‘chalarida ham boshlaymiz.
- Har bir ko‘chada 8,3 km yo‘l qoplami va piyoda yo‘laklari quriladi, 1 244 ta yoritish va xavfsizlik kameralari o‘rnatiladi, birinchi qavatlardagi 440 ta savdo va xizmat obyektlari yagona ko‘rinishga keltiriladi, 16,6 ming kvadrat metr joy ko‘kalamzorlashtirilib,
400 ta o‘tirish joylari o‘rnatiladi hamda 6 ta yashil bog‘lar va 1 ta sun’iy ko‘llar, 10 ta turizm 24/7 gastronomik ko‘chalari tashkil etilib, tadbirkorlik sub’ektlariga keng imkoniyatlar yaratiladi.
- Har bir ko‘cha bo‘yicha mas’ul hokim o‘rinbosari va pudratchi nomi, ishning boshlanish va tugash sanasi e’lon taxtasiga ilinadi.
- Tumanning 3 ta mahallasida Olmazor tumanidagi “Qichqiriq” mahallasi namunasida obodonlashtirish dasturi boshlanadi. Shuningdek, 29 ta mahallada manzilli dastur asosida ishlar olib borilib, mahalla faollari ishtirokida muhokama qilinadi.
- Energetika va kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashi va kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazilishi uchun shaxsan javob beraman.
- Shuningdek, noqonuniy qurilmalarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha Ishchi guruhlar tomonidan ishlar doimiy davom etiriladi.
UCHINCHIDAN: Iqtisodiy o‘sish, investitsiya va ish o‘rinlari yaratish sohasida quyidagilarni bajaramiz
Kambag‘allikni qisqartirish borasida 5 232 nafar aholi daromadini oshirish, 4 028 nafar ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, moliyaviy instrumentlarda foydalanish orqali 43 ta loyihalarini amalga oshirishimiz zarur.
- Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatini noturar joyga o‘tkazmasdan savdo va xizmat ko‘rsatishga moslashtirishga ruxsat berildi (tumanimizda bunday imkoniyatga ega 4 mingta kvartira bor). Tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 milliondan
200 million so‘mga oshirildi.
- Shu yilning o‘zida 9 ta bank bilan birga 160 nafar yangi tadbirkorni ishga tushirib, 620 ta ish o‘rni yaratamiz.
- Tumanda 300 mlrd so‘mlik 20 ta davlat obyekti bo‘sh yer sifatida emas, tayyor loyiha ko‘rinishida savdoga chiqariladi.
- Tuman iqtisodiyotiga jami 700 mln AQSh dollari investitsiya rejasi orqali qo‘shimcha qiymat yaratiladi.
- Tumandagi 8,2 mingta tadbirkor bilan ishlab, ish o‘rinlarini hozirgi 92 mingdan 101 mingtaga yetkazamiz.
- Yil yakuniga qadar sanoat ishlab chiqarish hajmi 13,6 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 107,2 foizga) hamda xizmatlar xajmini 49,3 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 118,3 foizga) bajarilishini ta’minlayman.
- Bu esa, o‘z navbatida, tumanimizni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiraman.
- 2027 yilda tumanda 2 ta zamonaviy savdo mol tashkil etish orqali ish o‘rnini ko‘paytiriladi.
- Bundan tashqari, tumanimizning ichki salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, respublikamizning Toshkent viloyati aholisini yangi yaratilayotgan va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hisobiga ish bilan ta’minlovchi markazga aylantiraman.
- Buning doirasida viloyatdan 3000 nafar ishsiz fuqarolar jalb qilinib, tumandagi 4 048 ta korxonaga ishga joylashtiriladi. Yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda 2,5 ming nafar insonni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash vazifasini o‘z zimmamga olaman.
TO‘RTINCHIDAN: ta’lim, yoshlar va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish sohasida
- 2 ta Maktabgacha va maktab ta’limida mavjud hududning o‘zida 1350 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish hisobiga mahallalardagi aholi ehtiyoji to‘liq qoplash choralari ko‘riladi.
- Talabalarga zarur sharoitilarni yaratish bo‘yicha tumanimizda 44 ming talaba tahsil oladi, 8 ta talabalar turar joylari va ijarada 15 mingga yaqin talaba yashaydi. Ularning yashash va o‘qish sharoiti bilan shug‘ullanadigan alohida tizim bir oy ichida yaratamiz, bunda hududni toza saqlash, kitob-kafelar, madaniy tadbirlar o‘tkazish inobatga olib, infratuzilmasini tashkil etamiz.
BESHINChIDAN: zamonaviy boshqaruv va shaxsiy mas’uliyat bo‘yicha ishlarni tashkil qilamiz:
Har bir murojaat bo‘yicha "murojaatdan – natijagacha" tamoyili joriy etiladi. Vaziyatlar markazi imkoniyatlaridan, sun’iy intellekt va raqamli monitoring tizimlaridan keng foydalanib, real vaqt rejimida har bir murojaat va loyihani shaxsan nazorat qilaman.
Rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati kuchaytirilib, har bir topshiriq ijrosi bo‘yicha haftalik va oylik tahlillari yo‘lga qo‘yiladi.
Yuqorida aytilgan har bir ob’ekt bo‘yicha mas’ul va muddat ochiq e’lon qilinadi. Belgilangan kun va soatda mahalliy kengash yig‘ilishida shu reja bo‘yicha birinchi hisobotni beraman va muddati o‘tgan har bir ob’ekt bo‘yicha sababini o‘zim tushuntiraman.
Bugungi kunda tumanimizda tadbirkorlar tomonidan bir qator ko‘p kvartirali uylar qurilib, ularning birinchi qavatlarida noturar binolar sifatida foydalanilmoqda, bu kam. Har bir tadbirkorga qurilish hududida eng avvalo yashil hududni kengaytirish, shuningdek kelgusida ish o‘rni va byudjetga tushumni ko‘paytirish maqsadida alohida biznes markazlarni ko‘paytirish choralarini ko‘raman.
2026-yil yakuniga qadar belgilangan maqsadlarga erishish, 2027-yilda esa iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya bo‘yicha 49,1 mlrd so‘mlik 3 ta yangi loyihalarni amalga oshirib, boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga kafolat beraman.
Sizlardan esa, tumanda tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga 24/7 tizimda har qanday murojaatlaringizni, Qisqa telefon raqami: 1079, Telegram kanal: Mirobod hokimligi / Davlat idoralari xalq xizmatida! orqali yuborishingiz so‘raladi.
Aziz tumandoshlar va hurmatli ishbilarmonlar!
Yuqorida belgilangan har bir maqsad ortida tumanimiz farovonligi va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam. Barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda, tumanimizni kambag‘allik va ishsizlikdan batamom xoli hududga aylantirishga hamda erishilgan bu natijani barqaror saqlab qolishga qat’iy va’da beraman.
Ishonchim komilki, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, halol mehnatingiz va kuchli jamoatchilik nazorati bilan biz ko‘zlangan marralarga albatta erishamiz hamda tumanimizni poytaxtdagi eng ilg‘or, obod va namunali hududlardan biriga aylantiramiz.
Hurmat bilan, Mirobod tumani hokimi A.N.Sayfutdinov

