Mirobod tumanida ehtiyojmand oilalar uchun tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda
2026-09-10 18:05:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va fuqarolarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining salomatligini nazorat qilish va ularga tibbiy yordamni yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Mirobod tumanida ehtiyojmand oilalar vakillari uchun sayyor tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.
Xususan, bugun “Qo‘yliq ota” mahallasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda 18 ta oilaning 80 ga yaqin a’zosi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Fuqarolar salomatligi jarroh, terapevt, kardiolog, dermatovenerolog, otorinolaringolog, oftalmolog, onkolog, travmatolog, pediatr, ftiziatr, akusher-ginekolog, psixiatr kabi o‘ndan ortiq yo‘nalishdagi mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shuningdek, aholi uchun UZI, rentgen va laboratoriya tekshiruvlari tashkil etilib, mobil oftalmologik, rentgen va onkologik kabinetlar xizmatidan ham foydalanish imkoniyati yaratildi. Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, fuqarolarga salomatligi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi ayollar, surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar, shuningdek, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar vakillariga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘riklar davomida turli xastaliklar aniqlangan bir guruh nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand fuqarolarga davolanish uchun tibbiy muassasalarga bepul yo‘llanmalar berildi. Dori-darmonga ehtiyojmand, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalar vakillari zarur dori vositalari bilan ham ta’minlandi.
Shifokorlar tomonidan fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilib, turli kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bunday sayyor tibbiy ko‘riklarning tashkil etilishi aholiga tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va ehtiyojmand fuqarolarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mirobod tumanida aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va og‘ir sharoitda yashayotgan oilalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan tibbiy ko‘riklar izchil davom ettiriladi.








