“Fayziobod” mahallasida aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
2026-09-10 14:50:00 / Yangiliklar

Bugun Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov Fayziobod mahallasida mahalla “ettiligi” bilan uchrashib, hududda aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Uchrashuvda mahallada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni aniqlash, ularning kasbiy salohiyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kasb-hunar egallash istagidagi fuqarolarni o‘qitish, tadbirkorlik qilish niyatidagilarga amaliy ko‘mak berish, o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mahalla “ettiligi”ga har bir oila bilan manzilli ishlash, ishlash istagidagi fuqaroning salohiyatidan kelib chiqib, unga mos imkoniyatni topish va bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, bandlik masalasida asosiy mezon — hisobotdagi raqamlar emas, balki insonning amalda ishli bo‘lishi va oilasida barqaror daromad manbai shakllanishidir.
Shu nuqtai nazardan, Mirobod tumanida ishlash istagida bo‘lgan biror bir inson e’tibordan chetda qolmasligi, har bir fuqaro uchun ish, kasb yoki daromad topish imkoniyati yaratilishi maqsad qilingan.
Bu borada mahallalardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish va fuqarolarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish ishlari izchil davom ettiriladi.









