150 nafar ayollar Bo‘stonliqqa yo‘l olishdi
2026-09-03 10:40:00 / Yangiliklar
Bugun Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi, "Ayollar daftari"ga kiritilgan ehtiyojmand, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan 150 nafar xotin-qiz uchun unutilmas sayohat boshlandi.

Ayni damda xotin-qizlar Bo‘stonliq tumanidagi "Livingston" dam olish maskani sari yo‘l oldilar.
Uch kunlik sayohat davomida ishtirokchilar uchun tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, ruhiy dam olish, motivatsion seminarlar, psixologik treninglar hamda tadbirkorlikka oid mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Bo‘stonliqning musaffo tog‘ havosi, betakror tabiati va ko‘tarinki kayfiyat xotin-qizlarga yangi kuch va ilhom bag‘ishlashi shubhasiz.
Mirobod tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar izchil davom etmoqda.
