“Sharof Rashidov” va “Afrosiyob” mahallalarida obodonlashtirish ishlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
2026-08-12 09:00:00 / Yangiliklar

Erta tongdan “Afrosiyob” mahallasi hududida “Sharof Rashidov” va “Afrosiyob” mahallalarida amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlariga bag‘ishlangan saf yig‘ini o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman hokimi o‘rinbosari Farhod Najmiddinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov, mahalla tizimi, kommunal soha rahbarlari, mas’ul tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘in davomida har bir hududning mavjud holati tanqidiy-tahliliy o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish va mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Obodonlashtirish ishlari faqat hududni chiqindilardan tozalash yoki ko‘chalarni tartibga keltirish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad — aholi uchun qulay, xavfsiz va obod muhit yaratish.
Shu maqsadda mahallalarda sanitariya holatini yaxshilash, ariq va zovurlarni tozalash, yo‘l yoqalarini tartibga keltirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, yashil hududlarni obodonlashtirish, shuningdek, hududlarda olib borilayotgan qurilish ishlarini tartibga solish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda.
Qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilayotgan qurilishlar yuzasidan ham tegishli choralar ko‘rilib, aniqlangan noqonuniy qurilmalarni qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etish vazifalari belgilab berildi.
Bugungi sa’y-harakatlarning bosh maqsadi — har bir mahallada obodlikni ta’minlash, aholiga munosib yashash sharoitini yaratish va Mirobodning yanada fayzli, toza va zamonaviy qiyofasini shakllantirishdir.









