Hokim va prokuror tomonidan “Yuksalish” mahallasida obodonlashtirish ishlari o‘rganildi
2026-08-01 14:25:00 / Yangiliklar

Xususan, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev hamda tuman hokimining o‘rinbosari Farhod Najmiddinov tomonidan "Yuksalish" mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari o‘rganildi.
O‘rganish davomida mahalladagi sanitariya holati, ichki ko‘chalar va piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar, kommunal infratuzilma, ko‘p qavatli uylar atrofidagi obodonlashtirish ishlari hamda aholiga qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar tanqidiy-tahliliy asosda ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, hududdagi noqonuniy qurilmalar va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarini qonunchilik talablari asosida bartaraf etish, jamoat joylarida tartib-intizomni ta’minlash hamda mahallaning me’moriy qiyofasini saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutasaddilar tomonidan obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish, qurib qolgan daraxt shoxlarini sanitariya talablari asosida kesish, yashil hududlarni kengaytirish, gul va manzarali o‘simliklar ekish, kommunal sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, noqonuniy qurilmalarni qonunchilik talablari asosida bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, obod mahalla — nafaqat ozoda hudud, balki qonuniylik, tartib-intizom va aholi uchun xavfsiz, qulay yashash muhitini ta’minlash demakdir. Shu bois Mirobod tumanida har bir mahallada amalga oshirilayotgan ishlar sifat va natijadorlik nuqtai nazaridan baholanib, ularning ijrosi doimiy nazoratga olinmoqda.









