Taras Shevchenko 24/7: yakuniy bosqich ishlari davom etmoqda
2026-07-23 15:00:00 / Yangiliklar

Mirobod tumanida Taras Shevchenko ko‘chasini zamonaviy 24/7 turistik va gastronomik maskan sifatida shakllantirishga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasi o‘zining hal qiluvchi bosqichiga yetdi. Ayni paytda qurilish-ta’mirlash ishlarining uchinchi — yakuniy bosqichi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Hozirda Taras Shevchenko va Fidokor ko‘chalari kesishmasidan Taras Shevchenko va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qariyb 400 metrlik hududda bir vaqtning o‘zida demontaj, bordyur o‘rnatish, bruschatka yotqizish hamda betonlash ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida piyodalar yo‘laklari to‘liq rekonstruksiya qilinib, tashqi yoritish tizimi zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Shuningdek, hudud keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirilib, zamonaviy installyatsiyalar, navigatsiya elementlari o‘rnatiladi, savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yanada takomillashtiriladi.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Taras Shevchenko ko‘chasining umumiy uzunligi 800 metrga yetkazilib, poytaxtning 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi eng yirik gastronomik va madaniy maskanlaridan biriga aylanadi.
Bu esa yangi tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, yuzlab yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish va mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qurilish-ta’mirlash ishlarini joriy yil yakuniga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilgan.









