Mirobodlik yosh olim “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi
2026-07-06 12:25:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbir davomida Mirobod tumanida joylashgan Toshkent davlat transport universiteti "Avtomatika va telemexanika" kafedrasi mustaqil izlanuvchisi Astanaliyev Elmurod Tursunali o‘g‘li "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Elmurod Astanaliyev 2016–2022 yillarda Toshkent davlat transport universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. Bugungi kunda u universitetning "Avtomatika va telemexanika" kafedrasida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyat olib bormoqda.
Yosh olim qisqa vaqt ichida ilm-fan sohasida salmoqli natijalarga erishgan. Uning ilmiy faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalari, mualliflik guvohnomalari hamda xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalari chop etilgan.
Elmurod Astanaliyev ilmiy izlanishlari bilan bir qatorda turli nufuzli tanlov va stipendiyalar sovrindori ham hisoblanadi. U "Beruniy" nomidagi Davlat stipendiyasi, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ maxsus stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, 2019 yilda o‘tkazilgan "Yil talabasi" respublika tanlovida "Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi" nominatsiyasida 1-o‘rinni egallagan.
Xorijiy tillarni ham mukammal o‘zlashtirgan yosh olim IELTS 6.0 va Multilevel B2 darajasiga ega bo‘lib, turli yo‘nalishlarda 100 dan ortiq diplom va sertifikatlar sohibi hisoblanadi.
Mirobod tumanida joylashgan oliy ta’lim muassasasi vakili bo‘lgan yosh olimning ana shunday yuksak davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani tumanimiz ahli uchun ham alohida g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
👏 Mirobod tumani hokimligi Elmurod Astanaliyevni munosib e’tirof bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusi ilmiy va kasbiy faoliyatida yanada ulkan yutuq va zafarlar tilaydi.



