Mirobod tumanida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilmoqda
2026-06-29 12:55:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida ishchi guruh a’zolari tuman hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori B. Abdullayev hamda IIO FMB boshlig‘i U. Nasritdinov bilan birgalikda "Sharof Rashidov" va "Fayziobod" mahallalarida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3 yanvardagi PQ–1-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi bilan tanishdi.
Mazkur qarorga muvofiq respublika mahallalarida xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini yanada takomillashtirish hamda jamoat tartibini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
O‘rganish davomida Mirobod tumani hokimining jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, «mahalla yettiligi» faoliyati samaradorligini oshirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Shuningdek, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, huquqbuzarliklar sodir etilishiga hamda korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratayotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Qutbiddin Burxanov barcha darajadagi rahbarlar belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashi, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy va samarali nazoratni yo‘lga qo‘yishi zarurligini ta’kidladi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha tezkor yechim talab etadigan muammoli masalalar belgilandi. Mas’ul rahbarlarga faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishchi guruh rahbari mahalla faollari, jumladan "mahalla yettiligi" vakillarining savollariga javob qaytardi.









