Mirobod tumanida tadbirkorlar bilan yagona dizayn-kod bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-02 12:35:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Farg‘ona yo‘li, Nukus, KXAY va Islom Karimov ko‘chalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda tuman hokimligi mas’ullari, “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ vakillari, qurilish, arxitektura, kadastr, ekologiya, ko‘kalamzorlashtirish va kommunikatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar, Savdo-sanoat palatasi vakillari hamda boshqa tegishli tashkilotlar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida tadbirkorlarga yagona dizayn-kodning mazmun-mohiyati, uni joriy etish tartibi, binolar fasadlari, tashqi reklama vositalari, peshlavhalar va jamoat makonlarini yagona talablar asosida shakllantirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, dizayn-kodni joriy etishning huquqiy asoslari, amaliy bosqichlari, tadbirkorlar bilan hamkorlik mexanizmlari hamda mavjud shahar muhitini saqlagan holda tartibli va estetik qiyofani shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur jarayonning asosiy maqsadi tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish emas, balki poytaxt ko‘chalarida tartibli, qulay, zamonaviy va yagona arxitektura yondashuviga asoslangan shahar muhitini yaratishdan iborat.









