1 iyun — bolalar uchun quvonch, sport va e’tibor bayramiga aylandi
2026-06-01 15:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mirobod tumani prokurori B. Abdullaev, tuman IIO FMB boshlig‘i U. Nasritdinov, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori K. Rustamov hamda 1-sonli sport maktabi direktori T. Shatursunov qatnashib, bolalarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Quvonchli tadbir yozgi suzish havzasining rasmiy ochilish marosimi bilan boshlandi. Bu nafaqat sport infratuzilmasining yana bir muhim ob’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yilganini, balki yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish yo‘lidagi muhim qadamni ham anglatadi.
Tadbir davomida sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, qiziqarli musobaqalar va musiqiy dasturlar bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, suzish havzasida cho‘milish va suv sporti bilan tanishish imkoniyati ishtirokchilar uchun unutilmas sovg‘a bo‘ldi. Quvnoq lahzalarga boy bo‘lgan ushbu kun bolalarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi.
Tadbirning eng quvonchli onlaridan biri sifatida bolalarga suzish havzasidan bepul foydalanish uchun doimiy abonementlar topshirildi. Bu esa ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qiladigan muhim qo‘llab-quvvatlov bo‘ldi.
Shuningdek, bayram doirasida 1-sonli ochiq suzish havzasi majmuasida dzyudo va boks sport turlari bo‘yicha zamonaviy mashg‘ulotlar zali ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Yangi sport inshooti yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ular uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Bolalar kulgusi yangragan ushbu bayram nafaqat quvonch va shodlik, balki har bir farzand davlat va jamiyat e’tiborida ekanining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Mirobod tumanida yosh avlodning sog‘lom, barkamol va baxtli bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lidagi ishlar izchil davom etmoqda.









