Akademik Eduard Rtveladze xonadonida
2026-05-30 12:40:00 / Yangiliklar

Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-maydagi mamlakat taraqqiyoti, ilm-fan va madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh fan, madaniyat va san’at arboblarini vafotidan so‘ng mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Mazkur Farmonga muvofiq Eduard Vasilyevich Rtveladze “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Jahon miqyosidagi olim
Eduard Rtveladze nomi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon ilm-fani tarixida ham alohida o‘rin egallaydi. Tarix fanlari doktori, professor, akademik sifatida u butun umrini Markaziy Osiyoning boy tarixiy-madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishladi.
Olim qalamiga mansub 30 dan ortiq fundamental monografiya va 800 ga yaqin ilmiy maqola dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Uning asarlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, AQSh, Fransiya, Yaponiya, Rossiya va Gruziyada nashr etilgan. Shuningdek, akademik Rtveladze tashabbusi va fidokorona sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashkil etilgan.
Akademik xizmatlari faqat raqamlar va ilmiy unvonlar bilan baholanmaydi. U tarixni chuqur o‘rgangan va uni xalqiga qaytargan fidoyi tadqiqotchilardan edi. Arxeologik ekspeditsiyalar, qadimiy yodgorliklarni tadqiq etish, noyob tarixiy topilmalarni ilmiy muomalaga kiritish kabi ulkan yutuqlar zamirida uning chuqur bilimlari, mashaqqatli mehnati va Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati mujassam edi.
Jahon miqyosidagi obro‘-e’tibor va yuksak ilmiy maqomga qaramay, Eduard Rtveladze kamtar va samimiy inson bo‘lib qoldi. U aynan shu oddiy xonadonda yashadi, ijod qildi va ilm bilan shug‘ullandi. Bugun dunyo ilm-fani mulkiga aylangan ko‘plab tadqiqotlar va asarlar ham aynan shu maskanda dunyoga kelgan.
Xotiraga hurmat — davlat siyosatining muhim tamoyili
Yangi O‘zbekistonda xalq va Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan insonlarning xotirasini e’zozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Eduard Rtveladzening vafotidan so‘ng yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlanishi uning ilm-fan oldidagi ulkan xizmatlariga berilgan munosib baho bo‘lish bilan birga, mamlakatimizda olimlar va madaniyat namoyandalarining boy merosiga bo‘lgan hurmatning yana bir yorqin ifodasidir.
Bunday e’tirof va ehtirom jamiyatga muhim bir haqiqatni eslatadi: xalq va Vatan ravnaqi yo‘lida umrini baxshida etgan insonlar unutilmaydi, ularning nomi va merosi avlodlar qalbida yashashda davom etadi.
Qalbdan chiqqan so‘zlar
Tadbir davomida Nuriddin Ismoilov davlatimiz rahbarining akademik oilasiga yo‘llagan tabrik maktubini o‘qib eshittirdi. Ushbu maktubda xalq tarixini o‘rganish va asrash yo‘lida umrini baxshida etgan olimning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng akademikning o‘g‘li Grigoriy Eduardovich Rtveladze so‘zga chiqib, otasining xizmatlariga berilgan yuksak baho uchun mamlakat rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi hamda muhim tashabbus bilan chiqdi.
— Otam shu yerda yashagan, shu yerda ijod qilgan. Ko‘plab ilmiy asarlari aynan shu xonadonda yaratilgan. Kelajak avlodlar ham bu insonni eslab yurishlari uchun uyimizga memorial lavha o‘rnatilishini istar edik, — dedi u.
Mazkur taklif Nuriddin Ismoilov tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
— Bu juda to‘g‘ri tashabbus. Umid qilamizki, yaqin vaqt ichida ushbu xonadonda memorial lavha o‘rnatiladi, — dedi Spiker.
Tashabbus tuman hokimligi va jamoatchilik vakillari tomonidan ham iliq kutib olindi.
Bu kun akademikning yaqinlari, shogirdlari va qo‘shnilari uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Ular nafaqat olimning ilmiy merosi, balki uning insoniy fazilatlari — kamtarligi, donishmandligi va kasbiga sadoqati haqida ham iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir yakunida akademikning qizi Anna Eduardovna Rtveladzening so‘zlari barchaning qalbidan chuqur joy oldi.
— O‘z olimlarini qadrlaydigan mamlakatning kelajagi buyuk bo‘ladi. Men ana shunday yurtda – jonajon O‘zbekistonimda yashayotganimdan cheksiz faxrlanaman, — dedi u ko‘zlarida yosh bilan mehmonlarni kuzatar ekan.
Bu so‘zlar tadbirning eng ta’sirchan va mazmunli xulosasiga aylandi. Chunki buyuk insonlar xotirasi nafaqat kitoblar, mukofotlar yoki tarixiy hujjatlarda, balki xalqning hurmati, shogirdlarning sadoqati va avlodlar xotirasida yashaydi.
Ana shunday xotira millatni yanada kuchli, kelajakni esa yanada porloq qiladi.









